Joriy yilning 22—26-aprel kunlari “E-ijro auksion” elektron onlayn-auksion savdolarda boshlang‘ich bahosi 1 so‘mga teng qiymatdagi 25 ta bo‘sh turgan davlat mulki obyekti sotildi. Bu haqda Spot xabar berdi.
Masalan, Andijon shahri, Ahmadbekhoji ko‘chasi 78-uydagi binoning 474,44 kvadrat metrga teng bo‘lgan qurilish osti maydoni 291 million so‘mga sotildi. Auksion g‘olibi 1,5 yil ichida 200 million so‘m investitsiya kiritish hamda 15 ta ish o‘rni yaratish majburiyatini qabul qildi.
Xorazm viloyati, Bog‘ot tumani, Beshariq qishlog‘i “Nurli maskan” mahallasida joylashgan, umumiy yer maydoni 0,076 gektarga teng bo‘lgan va 45 million so‘mga sotilgan bino bo‘yicha auksion g‘olibi 6 oy ichida 800 million so‘m investitsiya kiritish hamda 12 ta ish o‘rni yaratish majburiyatini oldi.
Hozirgacha 598 ta bo‘sh turgan davlat mulki obyekti boshlang‘ich bahosi 1 so‘mga teng qiymatda 374 millard 544 million so‘mlik investitsiya kiritish hamda 6840 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, shundan 456 ta bo‘sh turgan davlat mulki obyekti 282 millard 741 million so‘m investitsiya kiritish va 5001 ta yangi ish joyi ochish sharti bilan 15 millard 930 million so‘mga sotilgan.
Endilikda 142 ta bo‘sh turgan davlat mulki obyekti “E-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasida savdoda turibdi. Ularga 91 millard 803 million so‘mlik investitsiya jalb qilish, 1846 ta yangi ish o‘rni barpo etish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)