Rossiyada Podmoskovye viloyatining Kolomensk tumanida asli qirg‘izistonlik bo‘lgan homilador qizni onasi va akasi o‘zini cho‘ktirishga majbur qildi. Bu haqda “Mk.ru” xabar berdi.
Oila a’zolari homilador bo‘lib qolgan yosh qizga sharmandalikni daryoda yuvishini buyurgan. Qiz esa onasining bu gapini jiddiy qabul qilgan va o‘zini cho‘ktirgan.
Xabarda aytilishicha, 46 yoshli Ariyeta (ismi o‘zgartirilgan) 2012-yil Moskvaga kelgan. U badavlat xonadonga uy xizmatchisi bo‘lib ishga kirgan. Vazifasi boy kishining qari onasiga g‘amxo‘rlik qilish bo‘lgan.
Oradan biroz vaqt o‘tib, uning yoniga 24 yoshli o‘g‘li Olmosbek ham kelib qo‘shilgan. Ona o‘g‘lini uy egasiga yaxshi haydovchi va uy xizmatchi deb maqtab, o‘zi sanitar bo‘lib ishlashga ketgan. Ammo Ariyetaning 17 yoshli qizi Baglan o‘z vatanida o‘zini nomaqbul tutishi, ochiq kiyinishi, tungi klublarga borishi va uylangan erkaklar bilan uchrashishi onani tashvishga solgan. Keyin u qizini ham Moskvaga chaqirib olgan.
Moskvaga kelgach, qizning xulqi yaxshi tomonga o‘zgarish o‘rniga avvalgidan ham yomonlashib ketgan. U o‘ziga badavlat yigit topgan. Yigit unga bir xonali kvartirani ijaraga olib bergan. Oradan vaqt o‘tib Baglan homilador bo‘lgan.
Bundan jahli chiqqan onasi va akasi uni Moskva daryosi qirg‘og‘iga olib borgan. Ona qizining oyog‘iga arqon bog‘lab, shart qo‘ygan.
“Agar yangi hayot boshlamoqchi bo‘lsang, arqonni yech-da, men bilan yur. Agar xohlamasang, mana, oldingda daryo turibdi”, — degan onasi.
Qiz bir necha soniyadan so‘ng o‘zini suvga tashlagan. Onasi bilan akasi esa xotirjam daryodan uzoqlashgan.
Qizning tanishlaridan birortasi ham uni izlamagan. Faqat bir necha oydan so‘ng, uning murdasi qirg‘oq yaqiniga chiqib qolganini yosh oila ko‘rib qolgan.
Aynan o‘sha payt Olmosbek xizmat qiladigan qariya vafot etgan edi. Qariyaning o‘g‘li motam marosimi paytida daryodagi dahshatli murda haqida so‘z ochgan (U Baglan yo‘qolib qolganini bilar edi). Har qanday shubhani oldini olish uchun, Ariyeta va Olmosbek o‘likxonaga borgan va qizining jasadini tanigan. Huquqni muhofaza qilish organi xodimlariga qizi bilan bir necha oydan beri aloqada emasligini aytgan. Ammo tergovchilar shubhalangan va ona-o‘g‘ilni alohida tergov qilgan.
Biroz tergov bo‘lganidan so‘ng, ular aybini tan olib, tilxat yozgan.
Sud ona va o‘g‘ilni 7 yil-u 10 oyga ozodlikdan mahrum qilgan. Ona jazoni umumiy koloniyada, o‘g‘il esa qat’iy rejim koloniyasida o‘tashga buyurilgan.
Izoh (0)