14-aprel, yakshanba kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 4-turi doirasida so‘nggi 3 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Kunning dastlabki o‘yinida Surxondaryoning “Surxon” klubi o‘z maydonida Shota Arveladze qo‘l ostidagi Toshkentning “Paxtakor” jamoasi bilan bahsga kirishadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 16:15 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, surxondaryoliklar 3-turda “So‘g‘diyona” darvozasiga javobsiz 3 ta gol urib, g‘alaba qozongan bo‘lsa, poytaxtliklar esa “Nasaf”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Turning markaziy o‘yini Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Unda amaldagi chempion Andrey Fyodorov boshliq “Lokomotiv” Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi Olmaliqning OKMK jamoasi bilan jang qiladi. To‘qnashuv soat 16:30 da start oladi.
Ma’lumot uchun, toshkentliklar 3-turda “Andijon”ni yirik hisobda taslim qilgandi (4:0). Olmaliq klubi esa “Qo‘qon-1912”ni o‘ta yirik — 7:1 hisobida mag‘lub etgandi.
Turga “Qo‘qon-1912”—“Buxoro” uchrashuvi yakun yasaydi. Bahsga soat 17:00 da start beriladi. Ta’kidlash joiz, buxoroliklar Navoiyning “Qizilqum” jamoasi bilan durang o‘ynagandi (1:1).
Superliga
4-tur bahslari
14-aprel, yakshanba
“Surxon”—“Paxtakor” 16:15
“Lokomotiv”—OKMK 16:30
“Qo‘qon-1912”—“Buxoro” 17:00
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)