Uzbekistan Airways aviaparki to‘rtinchi Boeing 787−8 Dreamliner samolyoti bilan to‘ldirildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
13-aprel kuni kechqurun “Orzu layneri” Everettedagi (Vashington shtati, AQSh) Boeing zavodidan to‘xtovsiz parvozni amalga oshirgan holda Toshkent aeroportiga kelib qo‘ndi.
Yangi samolyotga avvalgi uchta Boeing 787−8 Dreamliner kabi yonilg‘i sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga zararli gazlar ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi dvigatellar o‘rnatilgan.
Avialayner biznes-klassda 24, ekonom-klassda 222, jami 246 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Samolyot sahni qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolyatsiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensor monitorlar bilan ta’minlangan.
Laynerga internetga kirish uskunalari o‘rnatilgan. Bu Uzbekistan Airways kompaniyasining ikkita A320neo samolyotidan keyingi uchinchi “Bortda internet” xizmatidan foydalanish mumkin bo‘lgan havo kemasidir.
Dreamliner’ning Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachisi bo‘lgan O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi ularning tijoriy ekspluatatsiyasini 2016-yilda boshlagan. MAKning rivojlanish rejalariga muvofiq, aviapark ushbu rusumdagi 6 ta samolyot bilan to‘ldiriladi va Uzairways MDHda bunday samolyotlarning yetakchi foydalanuvchisiga aylanadi.
Izoh (0)