Hozirda ko‘plab aktrisa, qo‘shiqchi va sportchilar boshqa ayollarga yordam berish maqsadida xayriya jamg‘armalari va dasturlarini yo‘lga qo‘ymoqda. Ular qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar qashshoqligi va gender zo‘ravonligiga qarshi kurashish uchun mablag‘ yo‘naltirish hamda iqtidorli sportchi ayollarning mashg‘ulotlarini moliyalashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Forbes Woman jurnali Opra Uinfri, Rianna, Mishel Obama va boshqa taniqli ayollarning bu boradagi tashabbuslari haqida so‘z yuritadi.
Opra Uinfri
Teleboshlovchi qashshoqlik va muhtojlikka to‘la og‘ir bolaligini yashirmaydi. Opra ayollarga har qanday yo‘l bilan yordam berish istagini o‘zi boshdan kechirgan qiyinchiliklar bilan izohlaydi. U 1998-yilda ijtimoiy ehtiyojlar uchun xayriya yig‘ish bilan shug‘ullanadigan “Opra farishtalari tarmog‘i”ni tashkil etdi, ammo vaqt o‘tishi bilan tashkilot “Opra Uinfri xayriya jamg‘armasi”ga aylandi. Hozirda jamg‘arma bir nechta yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda, biroq qizlar va yosh ayollarni sifatli ta’lim bilan ta’minlash asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda. Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, Uinfri u orqali xayriya ishlariga 400 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirgan.
Jamg‘arma faoliyatida Janubiy Afrikadagi (Yohannesburgda joylashgan) Opra Uinfri yetakchilik akademiyasi alohida o‘rin egallaydi. Teleboshlovchi uni 2007-yilda ochgan, qurilishiga 40 million dollar sarmoya kiritgan va o‘shandan beri barcha xarajatlarini qoplab kelmoqda. Maktab-internat kambag‘allikda o‘sgan va moliyaviy yordamsiz sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan qizlar uchun tashkil etilgan. Uinfri o‘z tarbiyalanuvchilari haqida shunday deydi:
“Ularning ko‘pchiligi OITS tufayli ota-onasini yo‘qotgan yetimlardir. Ular ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikka uchragan, aksariyat hollarda uzoq qarindoshlari tomonidan tarbiyalangan”.
Akademiya bitiruvchilari Stenford va Oksford kabi dunyoning yetakchi universitetlariga o‘qishga kirmoqda.
Yeva Longoriya
Meksikalik aktrisа Yeva Longoriya lotin amerikalik ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi: uning 2012-yildan beri faoliyat yuritayotgan Eva Longoria Foundation jamg‘armasi ayollarning ta’lim olishi, karyera qurishi, ijtimoiy hayotda faol qatnashishi va o‘z biznesini ochishiga ko‘maklashadi. Jamg‘arma tadbirkor ayollarga biznes ta’limi beradi va ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.
2024-yilda Yeva Longoriya Bezosning 50 million dollarlik “Jasorat va fuqarolik” mukofotini qo‘lga kiritdi. Milliarder Jeff Bezos va uning rafiqasi Loren Sanches-Bezos 2021-yildan beri jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun ushbu pul mukofotini topshirmoqda. G‘olib shaxs mukofot pulini xayriya ishlariga yo‘naltirishi va o‘n yil ichida sarflashi shart. Longoriya olgan mablag‘ni o‘z jamg‘armasiga yo‘naltirishni rejalashtirgan edi. U 2025-yil yanvarida Los-Anjelesdagi halokatli yong‘inlardan jabrlanganlarga 1 million dollar xayriya qildi.
Rianna
2012-yilda Rianna tomonidan tashkil etilgan va uning buvisi Klara sharafiga nomlangan Clara Lionel Foundation jamg‘armasi AQSH janubidagi, Karib dengizi mamlakatlaridagi va Sharqiy Afrikadagi ayollarning ahvolini yaxshilashga qaratilgan. Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri qizlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdir. Buning uchun CLF inqirozli hududlardagi qizlarni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan stipendiya dasturlarini yo‘lga qo‘ydi. Masalan, 2017-yilda Malavida 7000 nafar maktab o‘quvchisi qizi jamg‘arma homiyligiga olindi. Koronavirus pandemiyasi davrida CLF karantin sharoitida oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish uchun 4,2 million dollar ajratdi. Jamg‘armaning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, 2012-yildan beri xayriya ishlariga 100 million dollar sarflangan.
Jamg‘arma faoliyati uchun mablag‘larning katta qismini Riannaning o‘zi Fenty Beauty pardoz-andoz kompaniyasi va Savage X Fenty ichki kiyim brendi orqali ehson qiladi. Bundan tashqari, Rianna ayollar biznesiga, jumladan ijtimoiy tadbirkorlikka ham sarmoya kiritmoqda.
Mishel Obama
Girls Opportunity Alliance (GOA) — AQShning sobiq birinchi xonimi Mishel Obamaning Obama jamg‘armasi qoshidagi tashabbusi bo‘lib, u butun dunyo bo‘ylab o‘smir qizlarning ta’lim orqali imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan. Alyans har bir qiz qaysi mamlakatda tug‘ilganidan qat’i nazar, ta’lim olish, o‘z qobiliyatlarini rivojlantirish va o‘z oilasi hamda vatanini yaxshilash huquqiga ega, degan g‘oya asosida yaratilgan.
Alyans dunyoning turli mamlakatlarida o‘smir qizlar ta’limi bilan shug‘ullanuvchi jamoat tashkilotlarini birlashtiradi — bugungi kunda Girls Opportunity Alliance tarkibiga 4000 dan ortiq tashkilot kiradi. Ular orqali butun dunyo bo‘ylab jami 120 000 dan ziyod qiz qo‘llab-quvvatlangan. Yordam stipendiyalar va ustozlik dasturlari, shuningdek, yangi o‘quv markazlarini moliyalashtirish va maktab yotoqxonalarini jihozlashni o‘z ichiga oladi.
Izoh (0)