Asiana Airlines aviakompaniyasi samolyotida yo‘lovchi buyumini bortda tushirib yuborgani sababli uchoq ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Haberlar xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, samolyot Istanbuldan Seulga uchayotgan bo‘lgan. U Qozog‘iston hududi ustidan parvoz qilayotganida yo‘lovchilardan biri poverbankini o‘rindiqlar orasiga tushirib yuborgan. Oqibatda u ekipajdan yordam so‘ragan. Biroq bortkuzatuvchilarning qurilmani olishga urinishi muvaffaqiyatsiz tugagan. Shu sababli samolyot yarim yo‘lda burilib, Istanbulga qaytgan.
Janubiy Koreya fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi aviakompaniyalarga samolyot bortida portativ zaryadlovchi qurilmalarni tashishni qat’iyan taqiqlaydi. Sababi poverbanklar litiy-ion batareyalarga ega bo‘lib, noto‘g‘ri ishlatilganda yoki zararlanganda qizib ketishi yoki portlashi mumkin.
Shuning uchun aksariyat aviakompaniyalar bunday qurilmalarni faqat qo‘l yuki sifatida olib kirishga ruxsat beradi. Shunda ularni nazorat qilish osonroq bo‘ladi.
Janubiy Koreyada samolyotdagi poverbank portlagan
Janubiy Koreyaning Busan aeroportida 2025-yil 28-yanvarda poverbank portlashi oqibatida samolyotda yong‘in chiqqan edi. Hodisa Air Busan aviakompaniyasiga tegishli Airbus A321 samolyoti bilan yuz bergan. O‘sha paytda bortda 170 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Yong‘in oqibatida 7 kishi yengil jarohat olgan, yo‘lovchilar evakuatsiya qilingandi. Shundan so‘ng aviakompaniyalarga portativ zaryadlovchi qurilmalardan parvoz vaqtida foydalanishni taqiqlash bo‘yicha tavsiya berilgandi.
Izoh (0)