Saudiya Arabistonining Riyod shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha nufuzli musobaqalardan biri — Esports World Cup turniri qizg‘in pallaga kirdi. Unda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik ikki nafar shaxmatchi — Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov 30-iyul, chorshanba kuni pley-off bosqichiga yo‘llanma olish uchun navbatdagi o‘yinlarini o‘tkazishdi.

Abdusattorov ham, Sindorov ham guruh bosqichining ilk bahslarida imkoniyatni boy berib, musobaqadagi ishtirokini mag‘lublar yo‘lagida davom ettirishdi. Sindorov pley-off yo‘lida dastlab xitoylik Vey Yini, so‘ng AQSH vakili Hikaru Nakamurani mag‘lub etishi lozim edi. Biroq u xitoylik shaxmatchiga qarshi kechgan har ikki bahsda ham imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi.
Shunga qaramay, Javohir Sindorov ushbu turnirdagi ishtiroki evaziga 50 ming dollar miqdorida pul mukofotiga ega bo‘ldi.


Nodirbek Abdusattorov esa pley-off yo‘lida amerikalik Fabiano Karuana bilan to‘qnash keldi. U ilk bahsda g‘alaba qozongan bo‘lsa, javob o‘yinida AQSH vakili Karuananing qo‘li baland keldi. G‘olib nomi armageddon o‘yinida aniqlanadigan bo‘ldi va unda Nodirbek zafar quchdi.

Keyingi bosqichda Abdusattorov polshalik Yan-Kshishtof Duda bilan kuch sinashdi. Ular o‘rtasidagi bellashuvda dastlabki o‘yin durang bilan yakunlangan bo‘lsa, ikkinchi partiyada Nodirbek raqibining qo‘pol xatosidan foydalangan holda g‘alabani qo‘lga kiritdi va pley-offning so‘nggi yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Shu tariqa, D guruhidan Magnus Karlsen birinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Nodirbek Abdusattorov esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, pley-off chiptasini qo‘lga kiritdi.

Bugun, 31-iyul kuni chorak final bahslari start oladi. Unda Abdusattorovga fransiyalik Alireza Firuzja raqiblik qiladi. Ushbu juftlik g‘olibi yarim final yo‘llanmasiga ega chiqadi.
Izoh (0)