Yevropa Ittifoqida 2025-yil 12-oktyabrdan boshlab yangi Entry/Exit System (EES) — kirish-chiqish tizimi kuchga kiradi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumati xabar berdi.

EES 29 ta Yevropa davlatiga, jumladan, Shengen davlatlariga qisqa muddatga kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotgan YIga a’zo bo‘lmagan fuqarolarni raqamli tarzda ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Endilikda Shengen mintaqasi pasporti egalari Shengen mamlakatlariga kirishda pasportiga muhr qo‘yilishi o‘rniga biometrik ma’lumotlarini — barmoq izlari va suratini topshirishi talab etiladi. Mazkur jarayon maxsus terminallarda amalga oshiriladi.
Yangi tizim sayohatchilardan ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin
EES orqali ro‘yxatdan o‘tish har bir yo‘lovchidan biroz uzoqroq vaqt olishi kutilmoqda. Shu sabab Shengen hududiga kirishda chegaradagi navbatlar biroz cho‘zilishi mumkin. Yo‘lovchilar birinchi marta Shengen zonasiga borganida raqamli EES yozuvi yaratiladi. Keyingi safarlarda esa faqat barmoq izi yoki surat orqali ro‘yxatdan o‘tiladi. Ushbu raqamli yozuv 3 yil davomida amal qiladi.
EES nima uchun joriy qilinmoqda?
Yangi tizim Yevropa Ittifoqida chegara xavfsizligini oshirish va noqonuniy migratsiyani kamaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. Shuningdek, EES sayohatchilarning Shengen hududida ortiqcha qolishining oldini olish uchun avtomatlashtirilgan nazoratni joriy etadi.
2026-yil oxirida ETIAS tizimi ham ishga tushiriladi
EES bilan bir qatorda, 2026-yilning to‘rtinchi choragida yana bir tizim — ETIAS (European Travel Information and Authorisation System) ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu tizim orqali Shengen hududiga kirishdan oldin Britaniya fuqarolari onlayn tarzda avvaldan ruxsatnoma olishi, sayohat ma’lumotlarini taqdim etishi va 7 yevro miqdorida to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. Hozircha ETIAS bo‘yicha hech qanday amaliy harakat talab etilmaydi. YI bu borada alohida rasmiy sana va ko‘rsatmalarni e’lon qilishini ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya hukumati Yevropa komissiyasi, a’zolik davlatlar va sayohat sohasi bilan hamkorlikda EES tizimiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Eurostar, Eurotunnel va Dover porti kabi yirik transport punktlariga har biri uchun 3,5 million funt sterling mablag‘ ajratilgan. Unga ko‘ra, Eurostar 3 ta stansiyada jami 50 ta terminal o‘rnatadi. Eurotunnel esa 100 dan ortiq terminal orqali yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rejalashtirgan. Dover portida avtobus yo‘lovchilari uchun 24 ta terminal, avtomobilda sayohat qiluvchilar uchun planshetlar bilan qurollangan agentlar xizmat ko‘rsatadi.
Dengiz sayohatlari uchun alohida tartiblar belgilanadi
Kruiz kemalarida sayohat qiluvchilarga qo‘yiladigan EES talablari kemaning yo‘nalishiga bog‘liq bo‘ladi. Safar Shengen hududidan tashqarida (masalan, Britaniyada) boshlanib, tugasa, odatda EES tekshiruvlaridan ozod etiladi. Biroq kemadan Shengen hududida tushib, boshqa transport vositalarida yo‘lni davom ettiradigan yo‘lovchilar biometrik ro‘yxatga olinadi.

Shengen hududiga kirish uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlar fuqarolari (jumladan, O‘zbekiston fuqarolari) Shengen vizasini olishlari kerak. Ushbu viza bilan hududdagi barcha davlatlar bo‘ylab 90 kun ichida erkin harakatlanish mumkin.
Shengen hududiga 2025-yil holatiga ko‘ra quyidagi davlatlar kiradi: Avstriya, Belgiya, Chexiya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Vengriya, Islandiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Malta, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Slovakiya, Sloveniya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya va Lixtenshteyn.
Izoh (0)