Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) tomonidan yaqinda AQShning Texas shtatida xalqaro seminar-trening tashkil etildi. MAGATE va Texasning A&M universiteti qoshidagi Yadro energetikasi instituti taklifi bilan ushbu nufuzli forumga “O‘zatom” agentligi delegatsiyasi ham tashrif buyurdi. Bu haqda Xalq so‘zi xabar beradi.
E’tiborlisi shundaki, atom energetikasi tarmog‘i yuqori bo‘g‘in rahbariyati vakillari uchun uyushtirilgan bu galgi seminarda ushbu sohada hali yangi bo‘lgan 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etdi. Ularning orasida mamlakatdan tashqari Braziliya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Iordaniya, Belarus, Ruminiya, Polsha, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Keniya kabi davlatlar joy oldi.
Seminarda MAGATE, Atom elektr stansiyalaridan foydalanuvchi tashkilotlar xalqaro assotsiatsiyasi, AQSh Yadro energetikasi instituti, Aydaxo milliy laboratoriyasi, Westinghouse va boshqa yirik kompaniyalar, tadqiqot markazlari hamda xalqaro konsultantlar ma’ruza qildi.
Taqdimot davomida dunyo yadro tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish tendensiyalari, atom xavfsizligi madaniyati, yadro bilimlarini boshqarish va ushbu industriyada ishchi kuchlarini shakllantirish, AES qurilishi bo‘yicha loyiha boshqaruvi jarayonlari kabi jabhaga doir global masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, seminar davomida atom energetikasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish jarayonida loyihaga mas’ul rahbarning roli va mas’uliyati, favqulodda holatlar chog‘ida samarali ichki muloqotni ta’minlash, EPC, ya’ni “kaliti bilan topshirish” shartlari asosidagi shartnoma imzolashda to‘g‘ri narxlash modeli va uning tuzilishi uchun alohida yadro-energetik dastur ishlab chiqish masalalari kabi mavzular muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida Janubiy Texas hududida joylashgan atom elektr stansiyasiga tashrif buyurildi. Shu asnoda mehmonlar mazkur AESdagi o‘quv-mashg‘ulotlar markazi hamda “Axborot markazi” bilan yaqindan tanishtirildi.
Xususan, mamlakat delegatsiyasi Texas universiteti qoshidagi Yadro energetikasi instituti, Aydaxo milliy laboratoriyasi vakillari bilan uchrashdi. O‘zaro muloqot chog‘ida o‘zbekistonlik mutaxassislarni AQSh ta’lim markazlarida atom energetikasi yo‘nalishida ta’lim olib, malaka oshirishlarini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, MAGATE vakillari bilan bu kabi o‘quv-amaliy seminarlarni Toshkentda “O‘zatom” agentligi va atom sohasi milliy regulyatori vakillari uchun tashkil etish borasida ham muzokaralar olib bordi.
Seminar yakunida olingan bilim va ko‘nikmalar yuzasida fikr almashildi, mazkur formatdagi seminarlarni yanada samarali o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Ma’lumot uchun, Texasning A&M universiteti AQShdagi ikkita tadqiqot reaktoriga ega yagona oliy ta’lim maskani hisoblanadi. Talabalar soni bo‘yicha o‘z mamlakatidagi eng yirik universitetlar orasida 65 ming nafarlik kontingenti bilan yettinchi o‘rinni egallaydi. Mazkur o‘quv yurtida neft va gaz, atom energetikasi, okeanologiya, kosmonavtika hamda landshaftshunoslik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim beriladi.
Izoh (0)