Qoraqalpog‘iston Xo‘jayli tumani “Sarishungul” ovul fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarning biridan 28-mart kuni soat 7:30 da to‘rt kishining jasadi topildi, ulardan uch nafari — bolalar. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xonadondagi 3—4 metr chuqurlikdagi aylana shakldagi quduq ichidan 1995-yilda tug‘ilgan U.T. ismli ayol va uning uch oylik I.K. ismli chaqalog‘ining jasadi, uy ichkarisidan ayolning ikki yoshli M.K. va uch yoshli K.I. ismli farzandlarining murdalari topilgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ayol va uning chaqalog‘i o‘limiga nafas yo‘llariga suv tiqilishi sabab bo‘lgan, uy ichidan topilgan ikki bola esa nafas yo‘llarining bo‘g‘ilishi oqibatida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 28-mart kuni Qoraqalpog‘iston prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. “Tergovning borishi ustidan Bosh prokuraturaning alohida nazorati o‘rnatilgan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
Izoh (0)