“Daryo” kolumnisti an’anaviy ruknda hafta ijtimoiy masalalariga to‘xtalib o‘tadi.

Olifta gaplar

Abdulla Qahhor deydiki, ko‘p (va oliftanamo) gap yolg‘onni pardalash uchun kerak. Mabodo biror katta hajmli loyiha to‘g‘risidagi xabarda “transformatsiya ishlari ketyapti”, “amalga oshirish konsepsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi”, “sarf-xarajatlarni optimallashtirish maqsadida”, “ko‘zda tutilmagan o‘zgarishlar bois iqtisodiy parametrlar maqbullashtiriladi” kabi olifta jumlalarni uchratib qolsangiz, o‘zingiz uchun “loyiha uxlabdi” deb xulosa chiqarib qo‘yavering. Qiziqish uchun ilgari bekor qilingan loyihalarga (12) birrov ko‘z yugurtirib ko‘ring-a.

Foto: “Kun.uz”

Men hokimman

Ha, men o‘sha hokimman. Barchangiz bilgan-tanigan, qarsak chalgan. Men hanuz borman.

Men o‘shaman. Majlisda “onangni” deb so‘kkan men bo‘laman. Hokim bo‘lganim hamono qurilishga gaz berib, bozoringizga buldozer soldirgan menman.

Men hamisha barhayotman. Meni yo‘qota olmaysiz.

Fermerning ekkan ekini, tikkan tikini, devoriga chirmashgan oshqovoqpalagigacha soliq o‘ylab topgan menman. Tadbirkorning do‘konini tortib olib, qayta qurib o‘ziga o‘n baravar qimmat sotgan menman. Menga aslo qarshi chiqa olmaysiz.

Qarindosh-urug‘larimni eng muhim lavozimlarga joylab “oilaviy pudrat” sindikatini yaratgan menman. Italyanlar ham hayron qoladi mening hunarimga.

Meni doim qoralaysiz, orqadan so‘kasiz. Ammo huzurimda qo‘lingiz qovushgancha qotib qolasiz. Men shunday sehrli odamman.

Menga portalingiz, gazetangiz, saytingiz, ijtimoiy tarmog‘ingizning kuchi yetmaydi. Men bir o‘zim ulardan kuchliroqman. Aytganimni qiling.

Fermerni o‘ziga qabr kavlattirgan men bo‘laman. Majlisda aybdorlarning qarindosh-urug‘i qolmay so‘kaman. Uraman ham. Men shunday kuchliman.

Bobodehqon o‘zlashtirgan qo‘riq yerni po‘pisa bilan hokimlikdagi qarindoshimga tortib olib bergan men bo‘laman. Yeri borlar men bilan o‘ylab gaplashsin. Hatto hovlingiz o‘zingizniki emas.

Har kuni ishga keliboq to‘p-to‘p hujjatlarga qaramasdan qo‘l qo‘yuvchi men bo‘laman. Mingta imlo xato o‘tib ketsa, nima? Men hokimman, filolog emas. Odamlarni ishlataman va bu xislatim barcha aybimni yuvadi. Shuncha aybimga qaramasdan bu lavozimda o‘tirganimning boisidir bu.

Siz nozikta’b ziyolilarning qo‘lingizga to‘rtta odam bersa uddalab ishlata olmaysiz. Men ishlata olganim yutug‘imdir. Davlat, odamlar ish bilan hayotdir. Bu bilimdir. Hokimning salohiyati Hokingning salohiyatidan kam emas. Men bilan hisoblashing.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.