“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
19:02, 22.01.2019 57867

“Fermer hokimni urganda nima bo‘lardi?” Hafta ijtimoiy muammolari

“Daryo” kolumnisti yangi ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Foto: Google Photos

Yarashtirishga yarasha ishmi?

Qozining huzuriga Afandi kelib:

- Qozi janoblari, sizning sigiringiz mening tomorqamni payhon qilibdi, — desa, qozibuva tomoq qirgancha:

- Hayvon tilsiz, ongsiz bir mavjudot. Uning qilmishiga egasi hargiz javobgar bo‘lmas, — deb lutf qilibdi.

Afandi bir oz tutilgan bo‘lib, boshiga shap etkazib uribdi-da:

- Ana xolos, xotiram qursin, hazrat, biroz adashibman. Asli mening sigirim sizning tomorqangizni payhon qilibdi. Buning hukmi qandoq bo‘lur? — desa, qozibuva:

- Ha, undoq bo‘lsa, anavi katta kitobni uzatib yubor, — degan ekan.

Foto: “Xabar.uz”

O‘tgan haftada ro‘y bergan olotlik fermer voqeasini eshitgach, xayolimga dastlab shu rivoyat keldi. Tumanning mushtumzo‘r hokimi fermer yigitning og‘iz-burnini qonga bo‘yab urib, “bannisabop” qilib tashlagan bo‘lsa-yu, zo‘ravonlik imi-jimida bosti-bosti qilinaversa. Iskovuch saytlar dunyoga jar solmaganda qo‘l sinig‘i yeng ichida, bosh yorig‘i do‘ppining tagida qolib ketishi aniq edi. Darvoqe, yarashtiruvchi rolida chiqqan viloyat hokimiga ikki og‘iz savolimiz bor:

  • Ertaga qaysidir hokim yana fermerni ursa, qonuniy chora ko‘rilishiga bosh-qosh bo‘lasizmi yoki yarashtirishga?
  • Bordi-yu, fermer hokimni urib, boshini yorsa ham yarashtirib qo‘yasizmi?

Yorilgin, tosh yorilgin

Facebook va Youtube saytlari to‘silgan tosh devor o‘tgan hafta ezib yoqqan yomg‘ir natijasida ivib qulab tushdi va musaffo osmondan yarim kun nigoh uzib boshqa osmonlarga tikilishga muyassar bo‘ldik. Boshqa osmonlar ham musaffo ekan. Garchi devor darhol tiklangan bo‘lsa-da, bir haqiqatni bilib qoldik: Facebook va Youtube’ning bir kunlik to‘silishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga 32 million dollar ziyon yetkazadi.

Aftidan, bu haqiqat hamma uchun kutilmagan yangilik bo‘lganidan Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi hushini yig‘ib, darhol Facebook ma’muriyati bilan aloqa o‘rnatishda yordam so‘rab Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildi. Ha, vpn bo‘lmasa, hatto vazirlikdagilar ham Facebook bilan bog‘lanolmaydi. Tashqi ishlar vazirligi “gaplashib bersa” va mas’ullarimiz Facebook ochilmayotganligidan Sukerbergga shikoyat qilsa, Markning holatini tasavvur qilyapman. Hazilni ham qotirasizlar-da, desa kerak.

Foto: Facebook

Ammo Facebook va Youtube ochilishi shart. Besh kun davomida, hozircha, 160 million dollar “uxladi”. Bu pulga Dreamliner’ning motorini to‘la ta’mirlash mumkin axir.

Oqqush, cho‘rtanbaliq va qisqichbaqa farg‘onalikmidi?

Keling, eski xabarlarni sharhlashni to‘xtatib, yap-yangi xabar bersak. Shu kunlarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi markaziy ko‘chalaridan birini obodonlashtirishyapti. Rostini aytsak, hokimiyatning ko‘chasida torligidan yonma-yon yurgan mashinalar siqilib qoladi. Ammo yo‘l chetidagi daraxtlarni kesamizmi-yo‘qmi — hamma gap shunda. Voqealar xronikasi bundoq:

Yanvarning boshida shahar hokimligi yo‘lni toraytirishni va daraxtlarga aslo ozor yetkazmaslikni buyurdi. Ijrochilar xo‘p dedi.

Ikki kun o‘tgach, viloyat hokimligi ko‘cha yo‘l standartiga sira to‘g‘ri kelmasligini uqtirib, ikki metrga kengaytirishni buyurdi. Bunga ham ijrochilar xo‘p deyishdi. Daraxtlar kesildi.

Yana ikki kun o‘tgach, shahar hokimligi daraxtlarga qo‘l tekkizgan odamni “nakazat” qilishini bildirdi.

Foto: Telegram

Uch kun o‘tgach, viloyat hokimligi “yo‘lni kengaytir, daraxtniyam kes” dedi (to‘g‘ri-da, daraxtni kesmay yo‘lni kengaytirib bo‘larkanmi?). Ammo ikki faza tutashib uchqun chiqmasligi uchun ish to‘xtatildi. Bu orada chopilgan daraxtlar rasmi Telegram’da tarqadi.

Pauza.

20-yanvar kuni voqeaga viloyat ekologiyasi aralashib, loyiha maydonidagi daraxtlar o‘rnini qizil chiziq bilan chizib qo‘yishni buyurdi.

Uch kun o‘tmay shahar hokimligi daraxt kesganni tutib darhol jazolashni amr qildi. Aytishlaricha, Qo‘qonda arrachilar brigadasi hozir prokuraturaning ko‘ziga ko‘rinmay pana-pastqamda pisib yurganmish.

Viloyatlarni kezsang, shunday ajoyib tomoshalar guvohi bo‘lasan.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar