“Daryo” kolumnisti an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Uydan chiqqan dinozavr

Rishtonda mushuksimon dinozavrning qoldig‘i topildi. Bir qarasa kenguru, yana bir qarasa tuyaqushga o‘xshovchi g‘aroyib jonzotning qoldiqlari yaxshi saqlangan. Aytishlaricha, uning yoshi million yilga boradi.

Qoraqalpog‘istondan esa oltmish million yillik dinozavr tuxumlari topildi. Yaxshilab tekshirilsa, dinozavrning o‘zi ham topilishi hech gap emas. Axir davlatchilikda uch ming yillik, insoniyat tamadduni o‘choqlari sifatida million yillik tariximiz bor.

Nega avval chiqmagan g‘aroyib arxeologik namunalar bugun qaynab chiqyapti, deya ajablanmang. Borini uddalab ko‘rsatish ham mahorat. Qolaversa... Turizm qo‘mitasi yaxshi ishlayapti.

Ko‘rgazma stollari uchun ixtirolar

Avvaldan aytib qo‘yay: tanqidiy nuqtai nazarim bilan ixtirochi aka-ukalarimning shashtini so‘ndirish niyatim aslo yo‘q. Ammo deyarli har oy yangi ixtiro haqida saytlar shov-shuv ko‘tarib, keyin suv quygandek jimjit bo‘lib ketsa, o‘zingni chuv tushirilgandek his etarkansan, kishi. O‘zbek ixtirochisining Apple ham qiziqayotgan egiluvchan telefoni qani? Shov-shuv qilingan o‘zbekcha havoni tozalash qurilmasi qani? Namanganlik ayolning butun bir shaharcha uchun elektr toki ishlab chiqaradigan qurilmasi qani? Qo‘sha-qo‘sha elektromobil yaratayotgan talabalarning ish natijalari qani?

Foto: Uz24

Bugun diqqatimni hali tayyorlanmagan “Alfraganus” avtomobili prototipiga qarataman. Aytishlaricha, to‘la zaryadi bilan 350 kilometr yo‘l yuradigan, olti yarim soniyada yuz km/soat tezlikka erishishga qodir shiddatkor avtomobil narxi 150 million so‘m atrofida bo‘larkan. Prototipi qirq ming dollarga bitar ekan.

“Alfraganus”imizni taniqli elektromobil Nissan Leaf bilan solishtiramiz. Nissan Leaf o‘n soniyada yuz km/soat tezlikka chiqadi, yo‘l zaxirasi 200 kilometr, narxi esa... 25 ming dollar. Venchur kapitalist Ilon Mask ishlab chiqargan Tesla Model X elektromobillarining ko‘rsatkichlari ham “Alfraganus” bilan o‘xshash bo‘lgan holda bahosi 35 ming dollardan baland turadi.

Nissan LEAF. Foto: Wikipedia

Qolaversa, yangi avtomobil yaratishdan oldin tayyorlangan uning bir prototipi avtokompaniyaga millionlab dollarga tushadi. Qirq ming dollarga emas. O‘nlab firmalar bilan hamkorlikda yuzlab mutaxassislar har bir detali ustida izlanadi va tabiiyki, katta harakatlar katta xarajatni tug‘diradi.

Bus-butun yangi mashina ishlab chiqarilishi haqidagi shov-shuvli xabarlar bir marta o‘qish uchun yaraydi xolos. Mashinaning biror detalining chidamliligini yoki energiya samaradorligini oshirish usuli yaratilganligi haqidagi xabar ko‘proq ishonarliroqdir. Traktor yaratilgach, eng asosiy izlanishlar uning vaznini yengillashtirish, lampochka ixtiro qilingach, eng asosiy tajribalar uning foydali ish koeffitsientini atigi o‘n foizdan oshirish ustida bo‘lgan-ku axir. Biror fizikaviy jarayonning matematik modeli kashf qilinib, amaliyotga tatbiq etilgani ham ko‘proq ahamiyatlidir. Ammo bunday xabarlar omma uchun qiziq emas. Ommaga shov-shuv kerak, hattoki, ilm-fanda ham.

So‘zim so‘ngida esa ixtirochilarimizga yana bir marta kuch-g‘ayrat tilayman. Zero astoydil eshik qoqsang, ochilishi aniq.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.