Qozog‘istonning Kokshetau shahri aholisini supermarketlardan birida xarid qilingan olmalar tashvishga soldi. U olmalarda xitoycha iyerogliflar bitilgan. Bu haqda Sputnik xabar qildi.
Xabarda qayd etilishicha, kokshetaulik Dilyara Tulegenova “Kristall” supermarketidan olma sotib olgan.
“Men hamisha mahalliy olmalarni sotib olishga harakat qilaman. Bu safar ham olmaning “Saltanat” navini tanladim. Jami 4 dona xarid qildik. Do‘konda bizga sotuvchi xizmat ko‘rsatib, olmalarni tanlab bergan edi. Biz e’tibor qilmasdan olma uchun pul to‘lab chiqib ketdik. Uyga kelib, qizim olmalarni yuvayotganda ularda yozilgan xitoycha iyerogliflarni ko‘rib qoldi. Biz bu olmalarni yemasdan, tashlab yubordik”, — deydi u.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash departamentida olmalar haqiqatdan ham Xitoydan keltirilgani va ular sog‘liq uchun xavfli emasligi tushuntirilgan.
Izoh (0)