Farg‘ona shahrida “Listem-Fergana” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi ish boshladi. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan qo‘shma korxonada tibbiyot uchun zarur bo‘lgan 8 turdagi rentgen asbob-uskunalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2020-yildan boshlab esa korxonada ultratovush, elektrokardiogramma moslamalari kabi 18 turdagi yuqori texnologik, raqamli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Loyiha qiymati 5 million dollarga teng bo‘lgan mazkur qo‘shma korxona yiliga 500 donagacha rentgen apparatlari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Mazkur apparatlar O‘zbekiston bozori uchun noyob va innovatsion mahsulot hisoblanadi.
“Listem-Fergana” mas’uliyati cheklangan jamiyatida kelgusida yillik ishlab chiqarish quvvati 900 donaga yetkaziladi. Korxona to‘la quvvat bilan ishlay boshlagach, mahsulotning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.
Yangi korxonaning ishga tushirilishi natijasida 35 ta yangi ish o‘rini yaratildi. Yil yakuniga qadar yana yuzga yaqin ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Izoh (0)