“Daryo” jahon matbuotida oxirgi kunlarda ko‘tarilgan asosiy mavzularga to‘xtalib o‘tadi.

AQSh dollari — eng eksportbop mahsulot

Foto: Google Photos

Katta yoshdan kichiklargacha old tarafida Benji amakining tasviri tushirilgan zangori tusdagi qog‘ozlarga nihoyat darajada ishqiboz.

Gollivud ijodkorlari tomonidan yaratilgan “Oushenning o‘n ikki do‘sti” kino asarida qahramonlardan biri hattoki “Benji amaki hamma eshiklarni ocha oladi” degan bir jumlani ham bejizga aytmagan.

The New York Times nashri o‘tgan yili AQSh 63,5 milliard dollar miqdoridagi 100 dollarlik kupyurani eksportga chiqargani haqida xabar berdi.

Butun dunyoga xalqaro valyuta kerak va AQSh dollari bu nomga eng munosib valyutadir. Iqtisodiy bo‘hronlarga qaramasdan, AQSh dunyo iqtisodiyotining markazi bo‘lib qolmoqda, deyiladi maqolada.

AQSh hukumati qarzi eng ishonchli sarmoyadir va Amerika davlat obligatsiyalarini qo‘lga kiritishning bir yo‘li — dollar yordamida sotib olinadi.

Ekspertlar 100 dollarlik nominalli kupyuralarning iste’moldagi hajmi 2008 va 2017-yillar orasida ikki barobar oshganini aytmoqda. Bu kupyuralarning asosiy katta qismi xorijiy qo‘llarda.

Federal zaxira banki 2017-yilning oxirida tarixda ilk bor 100 dollarlik kupyuralarning miqdori 1 dollarlik nominaldan ham oshib ketganini bildirdi.

Maqolada, shuningdek, 100 dollarlik kupyura barcha noqonuniy ishlar: giyohvand moddalar oldi-sotdisi, qurol-yarog‘, pora olish va berish, qimorbozlikda afzal ko‘riladigan kupyura ekani aytiladi. Hattoki AQShning dushmanlari ham AQShning 100 dollarlik kupyurasini sevishini ta’kidlar ekan, 2003-yili amerikalik askarlar Saddam Husaynning qasridan 650 million dollar hajmga teng bo‘lgan 100 dollarlik kupyuralar topganini misol qilib keltiradi.

Shuningdek, maqolada dollar yetakchiligi asriga oz qolgani bashorat qilinadi. Ammo bu quruq gap-so‘zlarni yarim asrdan beri eshitaverib quloq ham o‘rganib qolgani ta’kidlanadi.

Yevropa Ittiqfoqi amerikaliklar Shengen hududida erkin harakatlanishini cheklamoqdami?

Foto: Google Photos

2021-yilga kelib AQSh fuqarolari Yevropa Ittifoqining ayrim joylariga borish uchun Ittifoqdan ruxsat olishi talab etiladi, deb yozadi CNN axborot agentligi.

O‘tgan yilda Yevropa Ittifoqi ETIAS tizimini tanishtirgan edi. Bu tizimga ko‘ra, Shengen hududiga vizasiz kirayotgan sayohatchilardan xavfsizlik maqsadida skanerdan o‘tishi talab qilinishi belgilangan.

Shengen hududiga ayni vaqtda Yevropa Ittifoqining 26 mamlakati a’zo bo‘lib, ularning fuqarolari bir mamlakatdan ikkinchi malakatga hech qanday vizasiz sayohat qilishi mumkin.

Hozirgi paytda AQSh fuqarolari Yevropa ittifoqi hududida 90 kun muddatgacha hech qanday vizasiz sayohat qilishi mumkin. ETIAS tizimi esa mazkur jarayonni o‘zgartiradi.

Yevropa Ittifoqi hududiga sayohat qiluvchilar, jumladan AQSh fuqarolari ham 2021-yildan Shengen hududiga sayohat qilishdan oldin ETIAS tizimidan o‘tishi talab qilinadi. Tizimdan o‘tishi so‘ralgan sayohatchilar onlayn ariza to‘ldiradi va 7 yevro (8 dollar) miqdoridagi boj to‘laydi. Ro‘yxatdan o‘tish uch yilgacha amal qiladi.

AQShda ham ETIAS singari ishlaydigan Sayohatni rasmiylashtirish elektron tizimi mavjud.

AQSh davlat departamenti rasmiy vakili mazkur holatni izohlar ekan, quyidagilarni ma’lum qildi: “Biz Yevropa Ittifoqining o‘z tashqi chegaralarini va ichki xavfsizligini boshqarishni yanada samaraliroq qilishga urinayotganligidan boxabarmiz. Albatta, har bir davlat o‘z hududiga kiradiganlar uchun standartlar joriy qilishi maqsadga muvofiq”.

2021-yilda amalga oshadigan o‘zgarishlar birgina AQShga nisbatan qo‘llanmasligi, sayohat qilish uchun ro‘yxatdan, shuningdek, Braziliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Singapur, Isroil va Mavrikiy davlatlari fuqarolariga ham amal qilishi ta’kidlanadi.

Yevropa parlamenti ETIAS tizimini iyul oyida joriy qilishga rozilik berdi. Yevropa Ittifoqining migratsiya, ichki ishlar va fuqarolik komissiyasi raisi Dimitris Avramopolos bu tizim eng avvalo xavfsizlikni ta’minlash maqsadida joriy etilayotganligini ta’kidladi.

Boeing 737 uchoqlarida parvoz qilish xavflimi?

Foto: EPA

Britaniyada chop etiladigan The Guardian nashri “Efiopiyada Boeing 737-800 Max modelli reys raqami ET302 bo‘lgan uchoqning halokatga uchrashi ortidan Boeing 737 seriyali samolyotning 4 oy ichida ikkinchi bor halokatga uchrashi” nomli maqola e’lon qildi.

Maqolada “Nahotki Boeing kompaniyasi ham yo‘lovchilarga xavfsiz parvozni ta’minlash borasida muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa?” deb savol qo‘yadi.

Nashr halokat borasida ayrim narsalar ma’lum bo‘lgani haqida yozar ekan, quyidagilarni ochiqlaydi: “Addis-Abebadan Nayrobiga uchgan tajribali samolyot uchuvchisi parvoz oldidan uchoqda boshqarish bilan bog‘liq muammolar borligini aytgan va ortga qaytishni so‘ragan”.

Voqeani kuzatib turgan Boeing kompaniyasi rasmiylari mazkur aviahalokat sabablari o‘rganilishi allaqachon boshlab yuborilganini xabar qildi.

Nashrning yozishicha, Boeing 737-800 Max noyabrda ro‘yxatdan o‘tgan va hali yangi bo‘lgan. Parvoz amalga oshganidan 6 daqiqa o‘tar-o‘tmas radardan yo‘qolib qolgan.

Ayni paytda dunyo bo‘ylab 300 dan ortiq Boeing 737 samolyotlari xalqaro va mahalliy parvozlarda xizmat qiladi va 2017-yildan beri 5000 dan ortiq shu modeldagi samolyotlarni ishlab chiqarish uchun buyurtma qilingan. Shu paytga qadar Boeing 737 modeli avtonom boshqarilish imkoniyatiga ega sifatida dunyoning eng mashhur xaridorgir samolyotlari bo‘lib kelgan.

Efiopiyadagi Boeing bilan yuz bergan aviahalokat sodir bo‘lishidan oldin Xalqaro havo transporti uyushmasining yaqin o‘n yillikda yirik fojialar bo‘lishi mumkin emas deb ta’kidlaganini oddiy maqtanchoqlik deb baholasa bo‘ladi. Samolyotlarning halokatiga bugunda terroristik harakatlar, uchuvchining o‘z joniga qasd qilishi, rus raketalari sabab bo‘lmasa, boshqa holatda havo kemasi manzilga xatarsiz yetib olishi aytilgandiku?

O‘z navbatida, Boeing mutasaddilari aybni uchuvchilarga ag‘darishmoqda ham. Ularning nazarida, halokatga uchuvchilarning belgilangan qoidalarga amal qilmasligi keltiradi. Bundan avvalroq sodir bo‘lgan aviahalokatlarda ham asosiy sabab inson omili bo‘lgani ro‘kach qilingandi.

Boeing kompaniyasi Federal aviatsiya rasmiylari Ethiopian Airways bilan yuz bergan holat yuzasidan yaqin orada yangi tafsilotlar paydo bo‘lishiga umid qilishini aytadi. Ammo, ayb kimda bo‘lishidan qat’iy nazar, deb maqolani yakunlaydi nashr, avtomatlashtirilgan samolyotlar xavfsiz deb tushunilgan ishonchga darz ketdi.

Yiliga 250 ming bolaning hayotiga zomin bo‘layotgan dorilar

Foto: Getty Images

11-mart sanasida Britaniyaning eng mashhur nashrlaridan biri The Guardian har yili qalbaki dori vositalaridan 250 mingga yaqin bolalar vafot etayotgani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Maqolada shifokorlar jamoasi hukumat rahbarlari, jamoatchilikni sifati yomon dori vositalarining tarqalishiga qarshi kurashishga chorlaydi. Sifati yomon bo‘lgan dori vositalari malyaria va pnevmoniya, vaksinalar, gepatit, meningit, o‘tkir virusli gemorragik kasalliklarini oldini olish o‘rniga 250 mingga yaqin bolaning umrini olib ketmoqda.

Ko‘p o‘lim qayd etilayotganining sababi sifatida dorilarga o‘ta ehtiyoj sezadigan rivojlanayotgan davlatlarda dori vositalarining sifatini nazorat qiladigan tashkilotlarning faoliyati yaxshi tashkil etilmagani, nazorat-taftish ishlarini o‘tkazadigan idoralarning jinoiy guruhlarga sherikligi va qalbaki dori vositalariga qarshi qaratilgan jinoyat qonunchiligining “yumshoqligi” keltiriladi.

Birgina 2018-yilning o‘zida Pfizer kompaniyasi 113 mamlakatda savdoga chiqarilgan 95 ga yaqin qalbaki dori vositalarining aniqlanganini va bu ko‘rsatkich 2008-yilga solishtirilganda, raqamlar ancha o‘sganini ko‘rsatadi.

O‘tgan oyda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa Ittifoqi va Amerikada saratonni davolovchi qalbaki dori vositalari tarqatilayotgani borasida ogohlantirgan edi. Qalbaki dori bemorlarga surunkali meloid leykemiyasi va limfoblast leykoziga qarshi vosita sifatida sotilgan, ammo tekshiruvlardan aniqlandiki, uning tarkibida oddiy paratsetamol bo‘lgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiysi Maykl Dits ayni paytda qalbaki dori vositalariga qarshi kurashish eng og‘riqli muammo bo‘lib turganini, qalbaki dori vositalariga qarshi kurashish farmsanoat kompaniyalari, hukumatlar, shifokorlar va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi asosida tashkil etilishini ta’kidlagan.

AQSh va Kanada Boeing 737 Max uchog‘idan foydalanishda davom etadimi?

Foto: Boeing

Osiyo, jumladan, Hindiston va Xitoy hamda Rossiya singari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Boeing 737 Max samolyotidan yo‘lovchi tashishni taqiqlayotgan bir vaziyatda AQSh va Kanada ushbu modeldagi uchoqlardan foydalanayotgan kam sonli mamlakatlar qatoridan joy olmoqda.

Ayni paytda AQShning American Airlines va Southwest Airlines kompaniyalari va Kanadaning Air Canada va WestJet kompaniyalari Boeing 737 Max modelidan foydalanishda davom etmoqda.

AQSh federal aviatsiya boshqarmasi, kasaba uyushmalari va senatorlar bosimiga qaramasdan, Boeing 737 Max samolyoti xizmatidan foydalanishda davom etmoqda.

FAB bayonotiga ko‘ra, mazkur samolyotlarning xizmatidan voz kechishga yetarlicha asos mavjud emas.

Hattoki Donald Tramp mazkur samolyotlarni boshqarishda uchuvchilar emas, dasturchilarning yetishmayotganini iddao qildi.

Kanada transport vaziri Mark Garno ham ayni paytda mazkur samolyotlarni parvozdan olib tashlash uchun yetarlicha asos yo‘qligini ta’kidladi.

Efiopiya havo yo‘llariga tegishli Boeing 737 Max samolyoti qulagach, Yevropa Ittifoqining aviatsiya xavfsizligi agentligi mazkur havo kemasining parvozlarini to‘xtatib qo‘ydi. Mazkur tartib Yevropa Ittifoqi fuqarolarining xavfsizligi bilan bog‘liqligini ham qo‘shimcha qildi.

Boeing 737 Max, shuningdek, Avstraliya, Malayziya, Turkiya, Vyetnam, O‘zbekiston, Xitoy, Efiopiya, Indoneziya va Singapur kabi mamlakatlar hukumatlari tomonidan ham taqiqlab qo‘yildi.

Agarda vaziyat shu holda davom etadigan bo‘lsa, Boeing kompaniyasi bu modeldagi samolyotlarning sotuvidan ancha miqdorda zarar ko‘rishi mumkin.