Birlashgan Arab Amirliklari hukumati xorijiy fuqarolarning muayyan guruhiga besh va o‘n yillik rezidentlik vizalarini taqdim etishga ruxsat berdi, deb xabar berdi “RBK”.
Ushbu vizalarni olish uchun endilikda investorlar, biznesmenlar, olimlar, oliy toifadagi mutaxassis yoki iqtidorli talabalar ariza berishi mumkin.
Mamlakat bosh vaziri Muhammad ibn Rashid al-Maktum ushbu qarorni izohlar ekan, amirliklar iqtidorlarni kashf etuvchi inkubator bo‘lib qolishini ma’lum qilgan.
BAA 2018-yilning may oyida xorijiy fuqarolar uchun 10 yillik viza berishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.
Al-Maktum o‘shanda yangi tizim o‘tgan yilning uchinchi choragida kuchga kirishi kerakligini aytgandi.
Biroq ushbu muddat joriy yilning birinchi choragiga kechiktirildi.
Bunga qadar BAA xorijiy fuqarolarga uch yillik rezidentlik vizalarini berardi.
Izoh (0)