5-mart, seshanba kuni professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasi vakili o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashevga (16 ta g‘alaba, 14 ta nokaut) O‘zbekiston professional boks federatsiyasi tomonidan boks olamida erishayotgan yutuqlari uchun sovg‘a taqdim etildi. Bu haqda Olamsport xabar berdi.
Avvalroq Shohjahonga federatsiya tomonidan so‘nggi rusumdagi Chevrolet Malibu topshirilishi haqida xabar berilgandi. Biroq unga avtomobil emas, balki Toshkentdan uy sovg‘a qilinishi ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bokschi 15-fevral kuni (16-fevral Toshkent vaqti bilan 09:00) amerikalik bokschi Maykl Foksga (19 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyat, 5 ta nokaut) qarshi ringga ko‘tarilib, ochkolar bo‘yicha mag‘lubiyatga uchratgandi va IBF International chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
Xabarlarga ko‘ra, uning murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘ladi. Endi charm qo‘lqop ustasi filippinlik afsonaviy bokschi Menni Pakyaoning 20 yillik murabbiyi bo‘lmish Freddi Rouch qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 13-aprel kuni Ergashevning 17-jangi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bellashuv Nyu-Jersi shtatining Atlantik Siti shahridagi Boardwalk Hall arenasida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. Hozircha Ergashevning raqibi kim bo‘lishi ma’lum emas.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)