Toshkent shahri bilan vodiyni bog‘lovchi “Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lida bir kunda 30 mingdan ortiq avtomobil harakatlanadi. Tabiiyki, ushbu yo‘lda vodiy ahlining “uchar” haydovchilari o‘z manzillariga yetish maqsadida tezlikni belgilangan me’yordan oshirib, yo‘l-transport hodisasining kelib chiqish ehtimolini oshiradi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Toshkent viloyati IIB YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, kuni kecha “Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lining Toshkent viloyatidan o‘tuvchi qismida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali 543 qoidabuzarlik aniqlandi. Qoidabuzarlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar haydovchi yoki yuridik shaxsning manziliga pochta orqali xabardor qilindi.
Bu qoidabuzar haydovchilar viloyatlar kesimida tahlil qilinganda Andijon viloyati 138 ta, Farg‘ona viloyati 124 ta, Namangan viloyati 104, Toshkent viloyati 118 ta va boshqa hududlardan 59 tani tashkil etdi.
O‘z navbatida, viloyat hududida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari muntazam ravishda har kuni faoliyat olib borayotganligi haqida Toshkent viloyati YHXB ogohlantiradi.
Izoh (0)