Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash juda muhimdir. Biroq haqiqiy vatanparvarlik shiorlarga emas, kasb pog‘onalarda ko‘tarilishga intilishlariga emas, balki chuqur bilimlarga asoslangan bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi “Daryo” kolumnisti, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbarov.
Rivojlanish qachon to‘xtaydi? Qachonki, yolg‘onlar, xo‘ja-ko‘rsinlar, “teatr” namoyishlari haddan tashqari ko‘paysa. Xalqimizni donolardan, kitobxonlardan qilib ko‘rsatib butun bir metro vagoniga yoshlarni yig‘ib qo‘liga kitob tutqizib rasmga olsa. Investorlar kelmaganiga jurnalistlarni ayblashsa. Eng katta xatolarimizdan biri — mana shu yolg‘on siyosat bilan yoshlarimizga noto‘g‘ri yo‘lni o‘rnak qilib ko‘rsatishimiz.
Davlatning rivojlanishi, millatning xavfsizligi va farovonligini ta’minlash bilan bizdan boshqa hech kim shug‘ullanmaydi. Shuning uchun yosh avlodni vatanparvarlik ruhida to‘g‘ri tarbiyalash juda muhimdir.
Biroq haqiqiy vatanparvarlik shiorlar, mansabga intilishga emas, chuqur bilimga asoslangan bo‘lishi kerak. Kelajak dunyosi bilimga asoslangan olam bo‘lishi hech kimga sir emas. Faqat bilimlar iqtisodiyotida haqiqiy yutuqlarga erishishgan, o‘z xalqlarining xizmatida innovatsion ishlanmalarni joriy qila olgan mamlakatlargina yetakchi davlatlar qatoriga kira olgan.
Yaqin kelajakda biz jahon hamjamiyatining turli qutblarga keskin ajralishini kuzatamiz. Ilmiy va texnologik taraqqiyot yo‘lida borayotgan mamlakatlar tez ilgarilab o‘zib ketadi. Qolganlar esa qoloqligicha qolib ketadi, yoki, omadi kelsa, ilmiy g‘oyalar iste’molchilari roli bilan cheklanadi.
Universitetlar va ijodiy fikrlaydigan yoshlar
O‘zbekistonda milliy va global miqyosdagi vazifalarni bajarishga qurbi yetadigan ijodiy fikrlaydigan, yaxshi ma’nodagi ishtiyoqli yoshlarning istiqboli katta. Barchamiz, jumladan, butun davlat organlarining oldida bu kabi yutuqlarga erishish uchun zarur huquqiy sharoitlarni yaratish vazifasi turibdi. O‘zbekistonda yoshlarga mo‘ljallangan siyosatning mazmun-ma’nosi xuddi mana shundan iborat bo‘ladi.
Bu asrda jahonga voqelikni hisobga olib fikrlaydigan, mehnatkash, pragmatik, chidamli, mobil va, albatta, innovatsion g‘oyalar bilan fikrlaydigan, ya’ni raqobatbardosh o‘zbek xalqining yangi qiyofasini ko‘rsatishimiz kerak.
Oliy o‘quv yurtlarining yangi o‘quv dasturlari mana shunday xislatlarni rivojlanishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Mamlakat siyosati birinchi navbatda yoshlarga qaratilgan bo‘lishi lozim, chunki ularga jamiyatga global tamaddunning ilg‘or yutuqlarini olib kelishi, dastavval pragmatizm va mehnatsevarlik kabi yangi qadriyatlar yo‘l-yo‘riqlari bilan tarbiyalashni joriy qilish ishlari yuklanadi. Shu bilan birga, ma’naviy merosga sadoqatli bo‘lib, o‘tmishdagi saboqlarni yodda saqlash lozim.
Zamonaviy yoshlar siyosatini qanday shakllantirish kerak?
Prezident tashabbusi bilan boshlangan yangi keng ko‘lamli loyihalar yoshlar siyosatida tizimli o‘zgarishlar o‘tkazilishini nazarda tutadi. Bu yerda ta’lim sifatini va ta’lim olish imkoniyati hammabop bo‘lishi, uy-joy va ish bilan ta’minlash, yoshlar tadbirkorligini rag‘batlantirish, sog‘liqni saqlash va yosh avlod uchun samarali ishlaydigan ijtimoiy pog‘onalarni ishga tushirish haqida gap ketmoqda.
Bugungi kunda butun dunyoda yoshlar orasida ishsizlik masalasi juda jiddiy muammodir. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramizdagi yoshlar orasida ishsizlik darajasi taxminan 13 foizni tashkil etadi, biroq ba’zi mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 40 foizgacha yetadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yoshlarning 20 foizi o‘qimaydi va ishlamaydi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, yoshlar orasida ishsizlikni bartaraf etish kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish asosida yotadi. Yoshlarni tadbirkorlik ruhida tarbiyalash kerak. Yoshlarni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozim. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ko‘p hollarda mamlakatimiz yoshlari ishga joylashish, ish topish muammosiga duch kelmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda tadbirkorlik o‘zbek yoshlari uchun juda jozibador emas. Ammo bu muammoga boshqa tomondan yondashish kerak. Balki biz tijorat bilan shug‘ullanish uchun yetarli sharoit yaratmayotgandirmiz?
Mamlakatimizda ekologik, sport, sog‘liqni tiklash va ekstremal turizmni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgani uchun turizm yoshlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun istiqbolli sohaga aylanishi mumkin. Turizm sohasidagi malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini hisobga olsak-da, Samarqandda xalqaro turizm universiteti faoliyat olib borayotgan bo‘lsa-da, Xorazm, Buxoro, Qarshi universitetlarda turizm va mehmonxona biznesi fakultetlarini ochish kerak. Mamlakatning intellektual salohiyatini mustahkamlash va ko‘ngillilik tashabbusini rivojlantirish muhimdir.
Yoshlarning parlamentda va mahalliy vakillik organlarida yanada faol ishtirok etishini ta’milash lozim. Biz fuqarolik pozitsiyasi faol ravishda e’lon va himoya qila oladigan yangi avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bundan tashqari, yoshlar o‘z aqliy, ilmiy, jismoniy, salohiyatlarini amalga oshirishi va o‘zini rivojlantirishi uchun haqiqiy imkoniyatlar yaratish zarur.
Bolalar va o‘smirlarning huquqiy va axloqiy tarbiyasi
Maktablarda sodir bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlarining sababi barcha davlat organlari faoliyatidagi beparvolikdir. Biz bu muammoga ko‘z yumib ketmasligimiz kerak. Maktablarimizdagi qo‘rquv muhitini bartaraf etish uchun uning sabablarini tahlil qilish va tizimli choralarni ko‘rish zarur. Bu o‘qituvchilar, ota-onalar, yoshlar tashkilotlari, barcha darajadagi hokimliklarning va umuman jamiyatning kundalik ishiga aylanishi kerak.
Maktablarda xalqaro tajribaga asoslangan va ayni paytda xalqimizning milliy an’analarini to‘laqonli hisobga olgan holda xulq-atvor va kiyinish standartlarini nazarda tutib ish qilinishi kerak. Diniy e’tiqodlari sababli bolalarning umumiy va oliy ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qilinishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu masala bo‘yicha sog‘lom nuqtai nazar va tutiladigan yo‘lni topib va uni parlament va hukumat birgalikda ishlab chiqishi lozim.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.
Izoh (0)