Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Bektemir va Yashnobod tumanlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbir davomida fuqaro R.D. “shartli xaridor”ga xorijda ishlab chiqarilgan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 75 dona “Protein” (odam mushaklarini baquvvat qiluvchi biologik faol qo‘shimchalar)ni salkam 3 ming dollarga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Uning avtomobili ko‘zdan kechirilganda mashina yukxonasida ham yana 30 dona “Protein” borligi aniqlangan. Jami 105 dona “Protein”ning umumiy qiymati 25,2 milllion so‘mni tashkil etgan.
Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro V.X.ning xonadoni hovlisida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tmagan “BMW S1000RR” rusumli mototransportni foydalanish maqsadida saqlayotganligi aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati 15 ming dollar bo‘lgan mototransport ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.