Qashqadaryoning Mirishkor tumanida Jabuniy Koreyaning Luminairetech.Co.Ltd kompaniyasi zamonaviy yoritgichlar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish taklifini o‘rtaga tashlashdi.
“Ayni shu maqsadda Luminaire Technology Co., LTD kompaniyasining 10 nafar rasmiy vakilidan iborat delegatsiya viloyatimizda mehmon bo‘lib turibdi, — deydi vioyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Bekzod Mamatqulov. — Asosan ko‘cha yoritgichlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi mazkur kompaniya Mirishkorda xuddi shu yo‘nalishda korxona tashkil etishini rejalashtirgan. Qat’iy kelishuvga borishdan avval chet ellik investorlar vohamizdagi shart-sharoit, ishbilarmonlik muhiti bilan yaqindan tanishishni ma’qul ko‘rishgan. Mirishkor tumanida kelgusida ishga tushishi ehtimoli bo‘lgan yangi korxona qurish uchun maqbul hisoblangan joylarni ham ko‘zdan kechirishgan.
Mazkur qo‘shma korxona majmuasini barpo etishga start berilishi munosabati bilan viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev Koreya biznesmenlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida mazkur istiqbolli loyiha samarali amalga oshishi natijasida ko‘plab kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanishi, hudud sanoati yanada yuksalishi qayd etildi. Uchrashuv davomida xorijlik ishbilarmonlar o‘z mahsulotlari taqdimotini ham o‘tkazishgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu loyiha ham viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning o‘tgan yili Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi mahsuli hisoblanadi. Aynan shu tashrif chog‘ida tomonlar hamkorlikni aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.