2019-yil 1-fevralidan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari hamda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining bir qator bojxona postlarida respublikada ilk marotaba front-ofislar o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Front ofislar faoliyat yuritishlari uchun bojxona postlarida alohida ish joylari, kompyuter texnikalari va boshqa zarur anjomlar muxayyo qilindi. Dastlabki bosqichda yuzlab nomzodlar orasidan tanlov asosida 60 ga yaqin front ofis xizmatchilari saralab olindi.
Ta’kidlash joizki, ushbu loyihani ishga tushirish jarayonida Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya va Belarus kabi davlatlarning tajribalari chuqur o‘rganildi.
Front-ofislar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha bepul asosda xizmat ko‘rsatuvchi maxsus shaxslar guruhi bo‘lib, ular hududiy bojxona boshqarmalari bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomasi asosida faoliyat ko‘rsatadi.
Front-ofis xizmatchilari asosan tadbirkorning murojaatlari asosida bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish va tadbirkorga o‘z vakolati doirasida bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini tanishtirish bilan shug‘ullanadi.
Bu jarayonda ularga bojxona nazorati zonasiga kirish, bojxona masalalari bo‘yicha bojxona xodimlaridan belgilangan tartibda maslahatlar va ma’lumotlar olish huquqiga ham egadir.
Sodda qilib aytganda tadbirkor bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri front-ofis xizmatchilariga murojaat qilib, bu jarayonda zarur bo‘ladigan hujjatlarni, shuningdek tovar kodlari hamda bojxona qiymati to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etsa, kifoya.
Bunda front-ofis xizmatchisi deklaratsiyani elektron dasturda to‘ldiradi. So‘ngra tadbirkor tayyor deklaratsiyani o‘zining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlagan holda tegishli axborot tizimi orqali bojxona organlariga taqdim qiladi.
2018-yilning 1-iyuliga qadar boyujxona yuk deklaratsiyalarini faqatgina tegishli malaka attestatiga ega bo‘lgan bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislargina to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim qilish huquqiga ega edi. Bu esa tadbirkorlar bojxona brokerlikgi idoralariga murojaat etishga va buning uchun ozmi-ko‘pmi xarajat qilishga majbur bo‘lar edi.
2018-yilning 1-iyulidan boshlab esa, tadbirkorlarga ham mustaqil ravishda bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim qilish huquqi berildi. Lekin barcha tadbirkorlar ham bu borada birdek salohiyatga ega emasligini inobatga olsak, front ofislar faoliyati tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, biznes vakillari uchun ayni muddaodir.
Front-ofis xizmatchilari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida ularning Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona institutida 1 oylik o‘quv kurslarida malaka oshirishlari ham nazarda tutilgan.
Dastlabki loyiha doirasida bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish uchun taqdim etilgan ma’lumot va hujjatlar haqqoniyligi uchun javobgarlik tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisiga yuklanadi. Loyiha natijalaridan kelib chiqib, keyinchalik boshqa hududiy bojxona boshqarmalarida ham joriy etilishi nazarda tutilgan.