Joriy yil 24-yanvar kuni soat 23:00 da G‘uzor tumanidagi 47-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Og‘abek Qodirov hali qurilishi bitmagan hovlisida ingichka arqonga osilgan holda topilgan. Bu haqda “Daryo”ga Og‘abek Qodirovning tog‘asi Olim Qodirov ma’lum qildi.
Murojaatdan so‘ng, voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida tumanning Toshg‘uzor qishlog‘ida bo‘ldik.
— 24-yanvar kuni kechki soat 18:30 lar atrofida Og‘abekning tog‘asining telefoni “zaryadka”da turgan joyida jiringladi, — deydi Og‘abekning tog‘asi Olim Qodirovning ayoli Munavvar Doniyorova. — “Og‘abek, kim ekan?”, deb so‘raganimda “Yanga menga telefon qilishgan ekan”, dedi Og‘abek. Ha, deb ishimda davom etdim. Keyin telefon yana jiringladi. Bu safar Og‘abek telefonda gaplashgach, yugurib ko‘chaga chiqib ketdi. Keyin bir pas turib telefon yana jiringlagach, o‘zim telefonga javob berdim.Telefondan “Og‘abekning onasimisiz”, degan ovoz keldi. “Yo‘q, men Quvonchning onasiman”, deb o‘g‘limning ismini aytdim.“Men Hafiza bo‘laman, Og‘abek mening telefonimni sindirib tashlabdi”, dedi telefonda men bilan gaplashayotgan kishi. “Onasi bo‘ladimi, bobosi bo‘ladimi yoki momosi bo‘ladimi tez chaqiring menga”, dedi. “Xo‘p”, deb telefonni o‘chirdim. Hech qancha vaqt o‘tmay yana telefon qilgach, qaynona-qaynotamga aytdim.
Munavvar Doniyorova qo‘shnisi Hafiza Jo‘rayeva to‘rtinchi marotaba telefon qilgach, 70 yoshli qaynotasining ko‘zi yaxshi o‘tmasligi bois ham qaynotasi va Og‘abekning singlisini olib qo‘shnisinikiga borganini aytdi.
“Qo‘shnimizning uyiga yaqinlashib qolgan paytimiz, Hafiza opa beshinchi marotaba qo‘ng‘iroq qilib, “Og‘abekning familiyasi Qodirovmi, biz uchastkavoyga yozib bermoqchimiz”, dedi. “Hafiza opa biz keldik, chiqing” deganimizdan so‘ng, Rajab degan jiyani va yangasi Gulnora opa hamda Gulnora opaning o‘g‘li Miryoqub bilan chiqib keldi. Hafiza opa shunda yangasiga qarab familiyasini yozib oldingizmi dedi.
— Haqiqatdan ham o‘sha kuni qo‘limda daftar va ruchka bor edi, — deydi Hafiza Jo‘rayevaning yangasi Gulnora Eshnazarova. – Lekin hech qanday ariza yozganimiz yo‘q edi. Hafiza opamning 2-sinf qizining darsiga yordamlashayotgan edim.
Suhbatdosh Munavvar Doniyorovaning qo‘shimcha qilishicha, suhbat davomida qo‘shnisi Hafiza Jo‘rayeva jiyani Rajabga “Kechki payt Og‘abek senga qancha pul olib kelib beraman degandi” deb so‘ragan, jiyanining “200 ming so‘m” degan javobini olgach, og‘izga olib bo‘lmaydigan so‘z bilan “siylab”, Og‘abekning bobosi Tursun bobo Qodirovga “Bu telefonni men 6 ta qo‘y sotib, puliga olganman”, degan. “Shunda qaynotam qo‘shnimiz Hafiza Jo‘rayevaga voqea haqida hozir xabar topayotganini, masalani oydinlashtirishini agar nabirasi aybdor bo‘lsa, ertalab soat 7:30 da telefonning pulini olib kelishini aytdi”, — deydi Munavvar Doniyorova.
— O‘sha kuni 4 bosh qo‘y sotib 2 nafar jiyanimga telefon olib berganman dedim, — deydi Hafiza Jo‘rayeva. – Men telefon yoki pulni olib kel demadim. Uyda o‘tirgan paytim kechroq beshlar atrofida Og‘abek uyimiz yonidan yugurib o‘tib ketdi. Shunda “tarbiyasi buzilib ketgan bu bola bu yerda nima qilib yuribdi”, deb jiyanimdan so‘radim. Jiyanim “telefoningizni sindirib qo‘ydi”, degach, Og‘abekning yangasiga telefon qildim. Telefonga Og‘abek javob berdi. Shunda Og‘abekka “Og‘abek mening oldimga bir kel-chi, nima bo‘ldi o‘zi” deb chaqirdim. Og‘abek “xo‘p, amma hozir boraman”, deb telefonni o‘chirdi.
Suhbat davomida Hafiza Jo‘rayevadan nima uchun Og‘abek Qodirovni tarbiyasi buzilib ketgan bola deb ataganining sababini so‘radik. “O‘tgan yili maktabda kompyuter yo‘qolgan ekan, Og‘abek kompyuterni o‘g‘irlab, tuproqqa ko‘mganini eshitgandim-da”, — deydi Hafiza opa. “Kompyuterlarni Og‘abek o‘g‘irlagani isbotlanganmi” deb so‘raganimizda Hafiza opa “Isbotlangan, faqat gap bo‘lmasin deb mahalla ishni yopdi-yopdi qilgan”, dedi.
— 24 yildan beri 47-umumta’lim maktabida “zavxoz” bo‘lib ishlayman, — deydi Alisher Nurimov. – O‘tgan yillar davomida maktabdan kompyuter yo‘qolgani yo‘q-ku, nega endi o‘lgan kishiga nisbatan bu darajada tuhmat qilishyapti? Bilmagan yoki tanimagan kishiga marhum shunday edi desa ishonib ketaveradi-da. Yaxshimas, bunday tubanlikka borish.
— O‘tgan yili maktabdan hech qanday kompyuter yo‘qolmagan, — deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Saodat Salomova. – Og‘abek yomon ish qiladigan bola emasdi. O‘sha 24-yanvar kuni 9-sinfga birinchi soat biologiya darsim bor edi. Dars davomida unda tushkunlik yoki biror narsadan siqilish holatini kuzatmadim. Darsdan so‘ng Yoshlar ittifoqi yetakchisi va psixologning tashabbusi bilan futbol musobaqasi uyushtirilgandi. Futbol o‘ynadi. Keyin tog‘asi va bobosi bilan yer ag‘darganini ham ko‘rgandim. Mash’um voqea sodir bo‘lgandan so‘ng, Og‘abekning bobosi telefon bilan bog‘liq mojaro ham chiqqanligini aytib qoldi. Balki o‘sha voqealar unga qattiq ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
— Og‘abekni o‘sha kuni telefon qilib chaqirganimdan so‘ng ham kelmadi, — deydi Hafiza Jo‘rayeva. – Jiyanimdan unga nima uchun telefonni berganini so‘raganimda, “mol boqib yurganimda o‘zi tortib oldi”, dedi. Keyin 2 soatlarda telefonni olib kelgan va sindirib qo‘yganini aytgan.
— Mol boqib yurgan paytim, yonimga kelib telefonimni tortib oldi va kechki payt soat beshlarda sindirib olib keldi, — deydi Hafiza Jo‘rayevaning jiyani Rajab Rajabov.
11-sinf o‘quvchisi Rajab Rajabovning aniqlik kiritishicha, Og‘abek uning telefonini sindirib qo‘ygach, ta’mirlash uchun bahor oyida albatta pul berishini aytgan. “Qo‘limdan tushib ketdi, bahorda ta’mirlash uchun ikki yuz ming so‘m pul beraman dedi”, — deydi Rajab Rajabov.
— Kechki payt soat 20:00 da uyga kelsam, Og‘abek yo‘q deyishdi, — deydi Og‘abekning tog‘asi Olim Qodirov. — Keyin ko‘chaga chiqib izlashga tushdim. Mahallani aylanib chiqdim, ammo topolmadim. Shunda qurilishi bitmagan hovlisiga ketganmikin degan xayol o‘tdi. Va hovli tomon yurdim. Eshikni ochib hovliga kirdim. Qarasam, yog‘ochga suyanib turgandek ko‘rindi. Uxlab qoldimikin deb “Og‘abek deb chaqirdim”. Indamagach, yuragim seskanib ketdi. Keyin borib ushlab ko‘rsam, badani qotgan. Tepaga qarasam ingichka ipga osilgan ekan. Tezda pastga tushirdim va yerga yotqizdim. Ko‘tarib olib kelaman degandim kuchim yetmadi. Shuning uchun uydagilarni chaqirdim. Mahalla imom xatibiga xabar berdim. Haligacha shokdaman.
Hafiza Jo‘rayeva hamda yangasi Gulnora Eshnazarovaning aytishicha, Og‘abek Qodirov oxirgi paytlar maktabga ham bormay qo‘ygan. “Ko‘pincha to‘ylarda kamera ko‘tarib yoki qo‘shiq aytib yurganini ko‘rardik”, — deydi Hafiza opa va Gulnora Eshnazarova.
— Dars payti yurganini bilmadimu, ammo to‘ylarda xizmat qilib yurardi, — deydi ko‘chaboshi Xushvaqt Muhammadiyeva. – Mehnatdan qochmasdi. Kimdir o‘tinimni yorib ber 10 ming so‘m pul beraman desa ishni qilib ketaverardi. Ko‘ngli ochiq bola edi. Lekin o‘tgan kuni ayni shu masalada bo‘lib o‘tgan majlisda “bu bolaning maktabda o‘qishini bilmasdik, har doim kamera ko‘tarib yurardi” degan gap ham bo‘ldi.
— Og‘abek deyarli dars qoldirmasdi, — deydi sinf rahbari Nurilla Ergashev. – To‘g‘ri, tirikchilik tufayli to‘ylarda xizmat qilardi. Ammo dars payti albatta darsga qatnashardi. To‘ylar ko‘pincha darsdan keyin bo‘ladi-ku.
— Nabiram san’atga qiziqardi, — deydi Og‘abekning momosi Fotima Sattorova. — Mehnat qilishdan charchamasdi. Onasiga yordamchi bo‘lishni istardi. Butun mahallaga nafi tegardi. To‘y-hashamlarda xizmat qilib yurardi.
Ma’lum bo‘lishicha, Og‘abek Qodirov singlisi va onasi bilan yoshligidan tog‘asining uyida bobosi va momosining tarbiyasida ulg‘aygan. Onasi Marg‘uba Qodirova esa tirikchilik sabab 10 kunlab Qarshi shahridagi oshxonalarda mehnat qilib kelgan. Maktab direktorining o‘rinbosari Saodat Salomovaning aytishicha, maktabdagi ota-onalar yig‘ilishiga ham bobosi qatnashib kelgan. Onasi deyarli turmush tashvishlaridan ortmagan. “Odatda o‘g‘limning arzimagan narsa uchun xafa bo‘ladigan odati yo‘q edi”, — deydi uning onasi Marg‘uba Qodirova.
— Og‘abek xushchaqchaq va birovdan yordamini ayamaydigan bola edi, — deydi Yoshlar ittifoqi yetakchisi Venera Jumayeva. – O‘zimiz ham hayronmiz. Nega bunday voqea sodir bo‘ldi? Balki, o‘sha kungi telefon bilan bog‘liq voqea ruhiyatiga qattiq ta’sir qilganmikin?
Og‘abekning sinfdoshlari Mehribonu Ixtiyorova, Dilshod Ulashov va Asadbek Akbarovlar ham sinfdoshining kayfiyatida tushkunlik holati sezilmaganini, doimo xushchaqchaq yurishini aytmoqda.
Bo‘lgan voqea xususida mahalla profilaktika inspektori Abro‘y Tursoatovning fikri bilan qiziqdik. Ammo topolmadik. Qo‘ng‘iroq qilganimizda esa “Rahbarlarimiz ruxsat bermaguncha, hech qanday ma’lumot berolmayman” degan javobni eshitdik.
Kezi kelganda shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, Og‘abek Qodirovning momosi, tog‘asi, yangasi va maktab o‘qituvchilarining ba’zilari ham mahalla profilaktika inspektorini yaxshi tanimasligini, profilaktika inspektorining uyi shu yerda joylashgan bo‘lsa-da, o‘zi ushbu hududda yashamasligini ta’kidlashdi. Ularning gapi qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini bilmadigu, ammo inspektor Abro‘y Tursoatov uchun mo‘ljallangan xizmat uyiga borganimizda biz ham uyda hech kim yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Balki ish bilan chiqishgandir. Bunisi bizga qorong‘i.
Og‘abek Qodirovning tog‘asi Olim Qodirovning ma’lumot berishicha, mahalla profilaktika inspektoriga voqea haqida o‘sha kuni xabar berilgan. Tuman IIBning xabari bor bundan. Jasadni ham ekspertiza uchun olib ketishgan.
P.S. Maqola chop etilishidan oldin mahalla profilaktika inspektori Abro‘y Tursoatov bilan bog‘lanishning uddasidan chiqdik. Profilaktika inspektori bo‘lgan voqeani tasdiqladi. Uning so‘ziga ko‘ra, ish bilan ayni paytda tuman prokuraturasi shug‘ullanayapti. Boshqa tafsilotlar esa ularga ma’lum emas.
Tuman prokuraturasi bilan telefon orqali bog‘langanimizda, o‘zini tanishtirishni ham istamagan xodim ayni damda hech qaysi rahbar o‘zida emasligini aytib, OAVga ma’lumot taqdim etolmasligini bildirdi.