Roppa-rosa bir oy avval “Daryo”da “Andijonda gaz “zapravka”laridagi narxlar qonuniy oshirilganmi? Ularni kim nazorat qiladi?” nomli maqola e’lon qilingan edi. Unda Andijon viloyatidagi o‘nlab gaz quyish shoxobchalaridagi holat haqida so‘z yuritilib, vaziyat yuzasidan haydovchilarning fikr-mulohazalari bayon etilgandi. “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov yana mazkur mavzuga qaytib, viloyatning tuman va shaharlarida joylashgan gaz “zapravka”laridagi narxlar qandayligiga qiziqdi.
Aksariyatida 2200 so‘m, birida 2000 so‘m...
Ayni paytda Andijonga tashrif buyurib, qay bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmang, ular gaz va elektr energiyasidagi muammolar qatorida yo‘l kira haqining ham oshirilganini kuyunib ta’kidlashi shubhasiz. Kirakashlarni savolga tutsangiz, gaz “zapravka”laridagi narxlarning osmondaligini ro‘kach qiladi.Yanvar oyining boshida Andijon viloyatidagi avtomobillarga siqilgan gaz (metan) quyish shoxobchalarining bir qanchasiga tashrif buyurib, ulardagi gaz narxlari turlicha ekanligiga guvoh bo‘lgandik. Bu borada mutasaddi tashkilotlar o‘zaro hamkorlikda nazoratni yanada kuchaytirishlariga umid qilgandik. Oradan bir oy o‘tib, holat qandayligiga qiziqqanimizda deyarli o‘zgarishlar yo‘qligini payqadik.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, hozirda Andijon viloyatida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) soni 51 tani tashkil qiladi. Eng ko‘pi Andijon (11 ta), Oltinko‘l va Asaka (6 ta) tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Surishtiruv davomida Baliqchi, Buloqboshi, Ulug‘nor, Bo‘z tumanlarida 2200 so‘m, qolgan hududlarda esa faqatgina ikki xil narxda — 2100 va 2200 so‘mdan yetkazib berilayotganligiga amin bo‘ldik. Andijon shahridagi “chuqurlik” nomi bilan mashhur “zapravka”da 1 kub gazning sotilish narxi 2050 so‘m, Shahrixon tumanidagi “Anteks” MChJda 2000 so‘m ekanligini ko‘rdik. Bu ikkala shoxobchadagi narxlar viloyatdagi eng pastidir.
Vaziyat o‘sha-o‘sha: eski hammom, eski tos
Soliq tizimidagi o‘zgarishlar bahonasida gaz “zapravka”laridagi bosim bilan birgalikda narxlar ham 300-400 so‘mga (1850-1900 so‘mdan 2100-2200 so‘mga) oshirilgani keng muhokamalarni yuzaga keltirib, aholining jiddiy e’tirozini tug‘dirgandi. Bunga yonilg‘iga nisbatan aksiz solig‘i joriy etilganligi sabab qilib ko‘rsatilganda mutasaddi tashkilot rahbarlarining “2018-yil 1-noyabrdan gaz narxi 11 so‘mga oshib, 1900 so‘m etib belgilangan edi. Vaholanki, 2019-yil 1-yanvardan benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliqning o‘rniga aksiz solig‘i joriy qilinishi hisobiga soliq miqdori atigi 55 so‘mga oshgan, bu mahsulot narxiga ta’sir qilmasligi kerak edi”, degan izohi ham berilgan. Shuningdek, davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati tomonidan “Davlat soliq qo‘mitasi hisobida, 2019-yilning 1-yanvaridan amaldagi soliq konsepsiyasi doirasida 1 metr kub metan gazning narxi bor yo‘g‘i 210 so‘mgacha oshishi ham inobatga olingan. Jumladan, gaz uchun aksiz solig‘i kiritilishi hisobiga 55 so‘m, yagona soliq to‘lov o‘rniga qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk, yer solig‘i va foyda solig‘i kiritilishi natijasida 155 so‘m oshishi mumkin edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, daromadlilik va rentabellik darajasini yuqori miqdorlarda saqlash maqsadida ayrim gaz to‘ldirish shoxobchalari asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinmoqda. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinadigan “tadbirkorlar” faoliyati nazorat qilib boriladi”, mazmunidagi ma’lumotlar ham omma e’tiboriga havola etilgandi.Shundan so‘ng OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona va Namangan viloyatlari Davlat soliq inspeksiyasi boshqarmalari hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining hududiy bo‘linmalari hamkorligida muntazam ravishda monitoring o‘tkazilayotgani to‘g‘risida maqolalar e’lon qilindi. Natijada bugungi kunda Namangan viloyatida siqilgan gaz narxi yana 3 xil ko‘rinishga kela boshladi. Ya’ni 1850 so‘mdan 2100 so‘mgacha sotilmoqda. Har doimgidek “Ezgu niyat sari” MChJga qarashli gaz quyish shoxobchasi kechqurun 1m3 gazni 1790 so‘mdan, kunduzi esa 1850 so‘mdan sotmoqda. “Gaz Fueling Station” MChJ shoxobchasi 1m3 metan gazini 1950 so‘mdan yetkazib bermoqda. Farg‘ona viloyatida ham metan gaz narxlari 1950 so‘mgacha tushirilmoqda. Andijonda esa (barmoq bilan sanarli bir-ikkita “zapravka”lardagi narxlarni inobatga olmaganda) vaziyat o‘sha-o‘sha: eski hammom, eski tos.
Andijon viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ullari bilan bog‘langanimizda, ular “zapravka”larda muntazam ravishda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini amalga oshirayotganliklarini qayd etishdi. Biroq mazkur tashkilot vakillari qo‘shni viloyatlardagi hamkasblari singari O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining viloyatdagi xodimlari bilan birgalikda tez-tez seminar-treninglar, monitoring tadbirlari o‘tkazishganida vaziyat allaqachon yumshagan bo‘lishi mumkin edi.
Moliya vazirligining sanksiya qo‘llayotgani qanchalik rost?
Aytishlaricha, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov salkam bir oydan beri har haftaning ikki kunini aholi, ayniqsa, ishbilarmonlar bilan uchrashib, narx-navoning yuqorilamasligi, fuqarolardagi norozichilik kayfiyatini yaxshilash maqsadida Andijondagi tuman va shaharlarda suhbatlar o‘tkazmoqda. Shu o‘rinda ko‘plab savollar tug‘iladi: xo‘sh Moliya vaziri yanvar boshidan buyon gaz “zapravka”lariga ega andijonlik tadbirkorlar bilan ham suhbatlar o‘tkazayotgan ekan, nega unda metan gazlar narxida jiddiy o‘zgarishlar yo‘q? Jamshid Qo‘chqorov viloyatga tashrifi chog‘ida nimalar qilyapti, qanday o‘zgarishlarga hissa qo‘shayapti? Nima uchun Moliya vazirligining matbuot xizmati vazir tashrifi haqida internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ma’lumotlar berib, aholini xabardor etib bormayapti? O‘zboshimchalik bilan narxlarni oshirgan gaz quyish shoxobchalariga Moliya vazirligi sanksiya qo‘llayotgani qanchalik rost? Agar bu amalda mavjud bo‘lsa, nega narxlar Namangan va Farg‘onada arzonu Andijonda o‘sha-o‘sha?Hokimbuvalar ham tadbirkorlar bilan jiddiy suhbatlar o‘tkazayaptimi o‘zi? Ular yo‘l kira narxlarining ko‘tarilganidan xabardormi? Ish, o‘qish yoxud boshqa ishlar tufayli har kuni chekka qishloqdan shahar markaziga qatnab, topgan daromadining yarmini yo‘l kiraga sarflayotgan, oylik maoshidan nolib, kun kechirayotgan oddiy xalqning dardini qachon eshitishadi? Tegishli mutasaddi tashkilotlar hamkorligi qachon yo‘lga qo‘yiladi?
Shu va boshqa bir qator savollarga yuqorida nomi zikr etilgan mutasaddi idoralar vakillaridan aniq izoh berishlarini kutib qolamiz.
Biz esa mavzuga yana qaytamiz...