Prezident qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat etiladi va ularga sud ekspertizalarining ayrim turlarini o‘tkazish huquqi beriladi.
Hujjatga muvofiq:
nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini pullik asosda davlat muassasalarida o‘taydi;
sud ekspertizasi sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tamomlagan shaxslarga ularning kasbiy layoqatini va sud ekspertlariga tegishli ixtisoslik bo‘yicha qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sud eksperti sertifikati beriladi;
sud eksperti sertifikatini olgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan yagona reyestrga kiritiladi;
nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud eksperti tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda sud eksperti sertifikatini olmasdan turib sud ekspertizasi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqqa ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi;
sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda, takroriy sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshiriladi;
Adliya vazirligi tomonidan uning rasmiy veb-saytida belgilangan tartibda joylashtiriladigan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reytingi yuritiladi.
Izoh (0)