Xorvatiya terma jamoasi va “Real Madrid” yarim himoyachisi Luka Modrich Bolgariya yangiliklar agentligi talqini bo‘yicha Bolqon yarimorolida 2018-yilning eng yaxshi sportchisi deya e’tirof etildi, deb yozadi AP.
Ta’kidlanishicha, “Uimbldon” hamda US Open chempioni Novak Jokovich 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi. “Rolan Garros” g‘olibi Simona Halep 3-pog‘onani band etgan. So‘rovnomada Albaniya, Bosniya va Gertsegovina, Xorvatiya, Gretsiya, Makedoniya, Chernogoriya, Ruminiya, Serbiya hamda Turkiya axborot agentliklari ishtirok etdi.
Modrich 2018-yilda “Oltin to‘p” sohibi bo‘ldi. Luka ushbu sovrinni faoliyati davomida birinchi marta qo‘lga kiritdi. Joriy yilda futbolchi “Real” bilan Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondi va JCh—2018 da Xorvatiya terma jamoasi bilan finalgacha bordi va Fransiya bilan kechgan final o‘yinida 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Bundan tashqari 33-yoshli o‘yinchi o‘tgan mavsumda UEFA talqini bo‘yicha eng yaxshi futbolchi, Chempionlar Ligasi — 2017/18-yilgi mavsumida eng yaxshi yarim himoyachi bo‘ldi hamda FIFA talqiniga ko‘ra 2018-yilning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)