Oliy Majlis Senatining XVII majlisida “O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi masala muhokama qilinayotgan paytda moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rtasida mazkur masala yuzasasidan bahs-munozara kuzatildi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova.
Jahongir Ortiqxo‘jayev moliya vaziridan o‘z nutqida nima sababdan O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi investitsiya sohasidagi asosiy “raqibi” Qozog‘iston soliq tizimidan emas, Yevropa mamlakatlari soliq tizimidan misol keltirganini so‘radi.
“Bugun jahonda investitsiyaning har bir dollari uchun katta kurash ketmoqda. Hozir Jamshid Qo‘chqorov o‘z nutqlarida Latviya, Vengriya va Fransiya soliq tizimini misol qilib keltirib o‘tdilar. Biroq, investor bozorga kirishdan oldin Markaziy Osiyo bozorini o‘rganadi. U O‘zbekiston yoki Qozog‘istondan birini tanlaydi. Bizning investor uchun kurashdagi asosiy raqibimiz — Qozog‘iston. Bizning ushbu masalada Qozog‘istondan ustun tomonimiz bormi? Nima uchun biz Latviya soliq tizimidan o‘rnak olishimiz kerak? Biz o‘z soliq tizimimiz bilan investorni jalb qila olamizmi?.
Qozog‘istonda daromad solig‘i 10 foiz, qo‘shimcha qiymat solig‘i 12 foizni tashkil etsa, bizda bu ko‘rsatkich mos ravishda 12 va 20 foizni tashkil etadi”, — deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Jamshid Qo‘chqorov Toshkent shahar hokimining savoliga javob berar ekan, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun birinchi navbatda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan raqobatlashishini ta’kidladi.
“Agar jahondagi soliqlar haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonga investitsiya kiritayotgan xorijiy investorlar uchun deyarli to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar qolmayapti, shuning uchun stavkalar ularga ta’sir ko‘rsatmaydi. Qo‘shimcha qiymat solig‘i haqida gapiradigan bo‘lsak, u ko‘proq import bilan ya’ni mamlakatning savdodagi raqobatbardoshligiga bog‘liq. Raqobat faqat soliq stavkalari bilan belgilanmaydi. Investorlar biror sohaga mablag‘ kiritish hamda soliqlarni hisoblashdan oldin xorijiy investitsiyalardan daromadning qaytib kelishi kabi ko‘rsatkichlarga ham e’tibor beradi”, — deydi moliya vaziri.
Izoh (0)