O‘zbekiston yaqin orada Zeromax kompaniyasining nemis kreditorlari bilan muammolarga yechim topadi. Bu haqda “Podrobno.uz” xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2010-yil O‘zbekistonning Zeromax GmbH kompaniyasi inqirozga uchragandan so‘ng bir qator yirik nemis qurilish kompaniyalari O‘zbekiston hukumatidan ularning xarajatlarini qoplashni so‘rab murojaat qilgan. Ushbu kompaniyalar Zeromax’ning turli loyihalarida, xususan, Toshkentdagi yirik obyektlar qurilishida ishtirok etgan, ular orasida Xalqaro forumlar saroyi ham bor.Germaniya OAVlari bergan ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 100 dan ortiq kreditorlaridan iborat qarz beruvchilar qariyb to‘rt milliard shveysar frankini qaytarishni talab qilgan. Aytish joizki, kompaniyaning nemis qurilish kompaniyalari oldidagi qarzi 60 dan 200 million yevrogacha baholangan.Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan nemis kreditorlari bilan vaziyat tez orada hal bo‘lishi qayd etildi.“Mazkur yo‘nalishda bir qator vazirlik va idoralar ishtirokida ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, ular mavjud masalagan yaqin oylarda yechim topadi”, — deydi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Xorijiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aleksey Sim.Ekspertlarning baholashicha, ushbu masalaning ijobiy yechimi Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida shiddat bilan rivojlanayotgan iqtisodiy munosabatlardagi tashvishli holatlarni bartaraf etish imkonini beradi. Bundan tashqari bu O‘zbekistonning ishonchli hamkor sifatidagi jozibadorligi va investitsion imijini oshiradi.Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning yanvar oyida rasmiy tashrif bilan Germaniyada bo‘ladi. Bu haqda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Gyunter Overfeld ma’lum qilgan.Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbari kansler Angela Merkel va prezident Frank Valter Shtaynmayer bilan muzokara olib boradi.
Izoh (0)