O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov 26-noyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir xonim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mazkur uchrashuv 22—23-noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tgan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusidagi Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mehmonlarga Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumidagi ishtiroki hamda ushbu xalqaro tashkilot vakillarining O‘zbekistondagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida 1999-yildan beri faol qatnashib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda mamlakatda saylovlarni demokratik tamoyillar va xalqaro standartlarga muvofiq ochiq va erkin o‘tkazish maqsadida saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish jarayonida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining taklif va tavsiyalari har tomonlama o‘rganilayotgani va inobatga olinayotgani ta’kidlandi.
16—17-noyabr kunlari Buxoro shahrida “Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Saylov kodeksi loyihasining ekspertlik muhokamasi o‘tkazildi.
Ingibyorg Solrun Gisladottir xonim mamlakatda saylov tizimini yanada takomillashtirish masalalari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil dekabr oyida Oliy Majlisga Murojaatnomasida Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarga katta e’tibor berilayotganini yuqori baholadi.
Tomonlar muloqot davomida o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash va izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashdi.
Izoh (0)