Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” nomli insholar tanlovining ikkinchi bosqichi 15-noyabr kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Insholar 22-noyabrgacha baholanadi va natijalar e’lon qilinadi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik mutasaddilari ma’lum qildi.
Hakamlar hay’ati yosh avlodning ushbu illatga nisbatan o‘ziga xos fikri, qat’iy pozitsiyasi, toqatsizligi mavjudligini alohida ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, ayrim noxush holatlar, xususan, ko‘chirmakashlik ham kuzatilmoqda. Shunday insholardan bir nechtasi aniqlandi va ishtirokchilar diskvalifikatsiya qilindi.
Tanlovda o‘z yoshi, muhiti, dunyoqarashiga mos, original fikrlar bilan insho yozgan ishtirokchilar g‘olib bo‘ladi. Buning uchun qariyb 60 kishidan ziyod hakamlar jamoasi mehnat qilmoqda.
“Ijodiy ishingizni sodda, samimiy fikrlar bilan boyitishga harakat qiling. Iqtiboslar, hikmatli so‘zlar va boshqa ko‘chirmalarga havola berishni unutmang. Havolasiz olingan fikrlar ko‘chirilgan hisoblanib, ishtirokchi musobaqani davom ettirish huquqidan mahrum qilinadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, insholar tanlovi g‘oliblariga 2 ta Samsung Galaxy S9 smartfoni hamda boshqa qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi. Shuningdek, Apple iPhone X smartfonini yutib olish imkoni ham bor.
Izoh (0)