Buxoro tumani Xonobod qishlog‘idagi oilaviy poliklinika tubdan qayta rekonstruksiya qilindi. Investitsiya dasturiga muvofiq, qurilish-bunyodkorlik ishlariga 1,6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi, deb yozadi O‘zA.
Oilaviy poliklinika binosi hududi kengaydi, muassasa xonalari soni 10 tadan 34 taga yetdi. Bu pediatr, jarroh, akusher-ginekolog, stomatolog shifokorlarning bemorlarni tegishli tibbiy asbob va uskunalar bilan jihozlangan alohida xizmat xonalarida qabul qilish, shuningdek, aniq tashxis qo‘yish uchun tahlillar olinadigan laboratoriya xodimlari ish sharoitini yaxshilash imkonini berdi. Olti o‘rinli kunduzgi davolash bo‘limi ham qator qulayliklarga ega bo‘ldi.
Poliklinikada tor mutaxassislik bo‘yicha 4 shifokor, 16 nafar patronaj hamshiradan tashqari, 7 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli xodim hududdagi 10 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Tibbiy maskan tarkibida ijtimoiy dorixona, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etilgan.
Mazkur birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi xodimlari aholi o‘rtasida reproduktiv salomatlik, erta nikohning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Bu fuqarolarning tibbiy madaniyatini oshirish, kasallanish darajasini pasaytirishga xizmat qilmoqda.
Izoh (0)