Taniqli fransuz yozuvchisi Amin Ma’luf insoniyat sivilizatsiyasining markazlaridan biri — Samarqand shahri tarixi, madaniyatining tolmas targ‘ibotchisi, ko‘plab badiiy pishiq asarlar muallifi sifatida Samarqandda hurmat, e’zoz topgan, deb yozadi O‘zA.
Yozuvchining “Samarqand” romani alohida tarixiy, adabiy-badiiy qiymatga egadir. Bundan 30 yil muqaddam chop etilgan ushbu asar qadim Samarqandning boy tarixida yorqin sahifa ochdi. Asar nafaqat fransuzlar, balki barcha yevropaliklar nazarida Samarqandning yangicha qiyofasini belgiladi. Roman sharq xalqlari tarixi, milliy urf-odatlari, o‘chmas va o‘lmas an’analarini o‘zida mujassam etgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Samarqand ahli, ijodkorlar tashabbusi va xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining qarori bilan yozuvchiga “Samarqand shahar faxriy fuqarosi” unvoni berildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo tarixi bilimdoni, taniqli arxeolog olim Frans Grenega “Samarqand shahar faxriy fuqarosi” unvoni berildi.
Markaziy Osiyo tarixi bilimdoni, taniqli arxeolog olim Frans Grene Samarqand tarixining tamal toshi bo‘lgan qadimiy Afrosiyob shahri xarobalaridagi devoriy suratlarni o‘rganish, restavratsiya qilish va qayta tiklash hamda Samarqand shahrining 2 750 yilligini aniqlash ishlarining tashabbuskori va fidoyisi hisoblanadi. Olimning ilmiy xulosalari va bevosita amaliy ishtiroki natijasida VII-VIII asrlarga oid qadimgi Afrosiyob hukmdori Varxumanning xorijiy elchilarning qabul qilish jarayoni aks ettirilgan bebaho devoriy surati qayta tiklandi.
Fransiyadagi “Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganish assotsiatsiyasi” prezidenti, taniqli tarixchi olima Frederik Bopertyus-Bressen xonimning buyuk davlat arbobi, Sohibqiron Amir Temur va temuriylarning dunyo sivilizatsiyasi rivoji, insoniyat ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy hayotidagi jahonshumul o‘rni, ahamiyatini chuqur tadqiq etgan olima sifatidagi xizmatlari e’tirofga sazovor. Taniqli olimaning “Moviy Samarqand”, “Sehrli Samarqand” nomli suratli kitoblari butun jahonda yuksak qadrlanadi.
Olimaning ushbu xizmatlarini inobatga olgan holda Frederik Bopertyus-Bressen xonimga Samarqand shahri faollari, ilmiy jamoatchiligining tashabbusi, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining qarori bilan “Samarqand shahar faxriy fuqarosi” unvoni berildi.
Izoh (0)