Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyoda Yaponiya siyosati“ mavzusida seminar bo‘ldi. Unda Yaponiyaning Xokkaydo universiteti tarkibidagi Slavyan-Yevroosiyo tadqiqot markazi professori Tomoxiko Uyama ma’ruza qildi, deya xabar beradi O‘zA.
— Ilmiy faoliyatim Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi va siyosatini, o‘zaro hamkorlik aloqalarini qiyosiy tadqiq etish bilan bog‘liq. Izlanishlarim doirasida va ularni keng ommaga yetkazish maqsadida Markaziy Osiyoning qator davlatlarida seminar va konferensiyalarda ishtirok etib kelmoqdaman. Yaponiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan hamkorlik munosabatlari uzoq tarixga ega ekanini alohida ta’kidlashni istardim, — deydi olim.
Tomoxiko Uyamaga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash borasidagi siyosatini dunyo hamjamiyati katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda. Bu siyosat natijasida mintaqada madaniy muloqot, integratsiya kuchaymoqda. Yaponiya O‘zbekiston bilan turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirmoqda. Bu Yaponiyada o‘zbek tili, mamlakat tarixi va madaniyatini o‘rganishga qiziquvchilar tobora ortishiga xizmat qilmoqda.
Xususan, Tokio, Sukuba kabi universitetlarda Markaziy Osiyo xalqlari, xorijiy tillar kafedralarida o‘zbek tili va adabiyoti fanlaridan talabalarga ta’lim beriladi. Shuningdek, Yaponiyadagi bir qator universitetlar Milliy universitet, Jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va boshqa qator ta’lim muassasalari bilan talabalar almashuvini yo‘lga qo‘ygan.
Izoh (0)