Oldinroq “Daryo” e’lon qilingan materialda “Nuroniy” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari “O‘zbekenergo” rahbariyatiga murojaat etib, tizimni o‘g‘rilardan tozalashga chaqirgani xabar qilingan edi. O‘z chiqishida Sharof Ubaydullayev, jumladan, Toshkentda 1300 ta transformatorni sotib yuborilganini aytgandi.
Shu munosabat bilan “O‘zbekenergo” matbuot xizmati “transformator ishi” yuzasidan “Daryo”ga bayonot berdi. Quyida bayonot matnini to‘liq keltiramiz.
3-oktabr kuni bo‘lgan xalqaro press-klub sessiyasida “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari, faxriy jurnalist Sharof Ubaydullayev elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi muammo va kamchiliklarni tanqid ostiga olgani to‘g‘risidagi xabar internet saytlarida e’lon qilindi.
Xususan, ustoz jurnalist Toshkent shahrida 1300 ta transformator sotib yuborilganini va buning ustidan hech kim nazorat qilmagani iddao etdi. Ammo bu voqea qachon bo‘lgani haqida hech narsa demadi.Ushbu gaplar qanchalik to‘g‘ri? Haqiqatan ham yuqorida aytilganidek shuncha transformator izsiz ketdimi?
Aslida shunga o‘xshash voqea “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi”da 2009-yilda bo‘lib o‘tgan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur korxonada olib borilgan tekshirish natijasida jami 541 ta transformator ortiqcha chiqqani aniqlangan hamda mutasaddidlarga JKning tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, shartli ravishda jazo tayinlangan, so‘ng ular aministiya tufayli ozodlikka chiqarilgan. Aytish lozimki, Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 1300 transformator sotilgani bilan bog‘liq voqea bo‘lmagan.
Sir emas, bugun mamlakatimizdagi yechimini kutayotgan muammolardan biri bu elektr ta’minotidir. Aholining turli yuqori tashkilotlarga yo‘llayotgan murojaatlarining ham aksariyat qismini elektr ta’minotidagi uzilishlar tashkil etadi. Keyingi ikki yilda joylarda bu muammo biroz bo‘lsa-da, hal etilgandek. Ko‘pgina hududlarda oldingidek muttasil uzilishlar kuzatilmayapti. Bu esa, o‘z navbatida, “O‘zbekenergo” AJning bugungi rahbariyati tomonidan olib borilayotgan islohot hamda mehnat samarasidir.
Izoh (0)