Toshkentdagi Aloqa tarixi muzeyida 27-sentabr kuni Fransiyadagi “Meros” assotsiatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida videokonferensiya o‘tkazildi, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Konferensiyada turli millat vakillari o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xorijdagi do‘stlik va hamkor tuzilmalar bilan o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Videomuloqot chog‘ida “Meros” assotsiatsiyasi prezidenti Farruhbek Yo‘ldoshev tashkilot faoliyati, istiqboldagi rejalari haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi ijtimoiy-gumanitar aloqalarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Videokonferensiya so‘ngida hamkorlik va o‘zaro fikr almashish bo‘yicha doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Izoh (0)