Vyetnam poytaxti Xanoy shahri rasmiylari aholini it go‘shtini yeyishdan voz kechishga chaqirdi. An’anadan voz kechishga sabab sifatida shahar obro‘siga yetadigan putur va o‘limga olib keluvchi kasalliklar xavfi ko‘rsatilgan. Bu haqda BBC News xabar berdi.
Xanoy xalq qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, g‘alati osiyocha odat taraqqiy topgan va zamonaviy poytaxt obrazidagi dog‘ hisoblanadi. Bundan tashqari, it go‘shtini iste’mol qilish leptospiroz va quturish bilan kasallanish xavfini keltirib chiqaradi.
Ayni paytda mamlakat poytaxtidagi mingdan ortiq do‘konda it va mushuk go‘shti sotiladi. Mushuk go‘shti kamroq ommabop bo‘lsa ham, ovqatga ishlatiladi. Qo‘mita vakillari tomonidan qayd etilishicha, hayvonlar ko‘pincha shafqatsiz usullar bilan o‘ldiriladi.
Shaharda taxminan 490 mingta mushuk va it yashaydi. Bular asosan uy hayvonlari hisoblanadi, biroq hayvonlarning 10 foizi so‘yish uchun boqiladi. Shu bilan bir vaqtda ko‘plab vyetnamliklar ularni yeyishdan bosh tortgan bo‘lsa ham, an’ana Vyetnam jamiyatida chuqur ildizlarini saqlab qolmoqda.
Izoh (0)