Shahrisabz muhim tarixiy voqeaga mezbonlik qilish arafasida. Prezident tashabbusi bilan joriy yil 6—10-sentabr kunlari Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san’ati anjumani bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda anjumanga tayyorgarlik jarayoni qizg‘in davom etmoqda, deb yozadi O‘zA.
Anjuman munosabati bilan tarixiy maskan Amir Temur xiyoboni o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Oqsaroy atrofidagi maydonlar, hududlar kesimida taqsimlanib, milliy an’ana va qadriyatlarni aks ettiruvchi ssenariy va dasturlar lavhalari ustida ish olib borilmoqda. Sahna dekoratsiyasi va maydonni obodonlashtirish ishlari avjida. Qo‘shimcha chiroqlar va dekoratsiyalar uchun maxsus yoritgichlar o‘rnatilmoqda. Bu jarayonda ming nafarga yaqin ishchi ishtirok etmoqda.
Anjuman doirasida ilmiy simpozium, jahon maqom san’ati va o‘zbek maqom san’ati ustalari ishtirokidagi chiqishlar, yosh maqom ijrochilari tanlovi, shuningdek, ilmiy-ijodiy taqdimotlar, davra suhbatlari va boshqa barcha tadbirlar belgilangan dasturlar asosida tashkil etiladi. Buning uchun alohida pavilonlar ajratilgan. Forumni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida 1 ming 600 kishilik maxsus amfiteatr barpo etilmoqda. Anjumanning ochilish marosimi badiiy dasturida rejissor Bahodir Yo‘ldoshev tavsiyasiga ko‘ra, Buxoro, Xorazm, Toshkent va Farg‘ona maqom yo‘nalishlari bo‘yicha viloyatlar maqom ansambllarining chiqishlari, musiqiy kompozitsiyalar rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, shahrisabzlik yosh maqomchilarning ijrolari va Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli tomonidan “Shashmaqom”ning dunyoda e’tirof etilgan 6 sho‘’ba tarmog‘i — “Buzruk”, “Rost”, “Navo”, “Dugoh”, “Segoh”, “Iroq” maqom namunalaridan kompozitsiyalar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)