Buxoro shahrining Bahouddin Naqshband ko‘chasida milliy musiqa san’ati namoyandalaridan biri Mutal Burhonovning uy-muzeyi ochildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uy-muzey Buxoro davlat badiiy me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining filiali maqomida tashkil etildi.
Mutal Burhonov umrining so‘nggi davrlarida, 1997—2002 yillarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahardagi mazkur mahallada, ushbu uyda yashadi. Bu yerda bastakor hayoti va ijodi bilan bog‘liq 2 mingdan ortiq foto suratlar, turli hujjatlar, musiqa asboblari, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari jamlangan.
Muzey “Mutal Burhonov umr yo‘li”, “Bastakor ijod xonasi”, “E’tirof, ehtirom”, “Musiqa tarixi” kabi bo‘limlardan iborat. Uy-muzeyida Markaziy Osiyoda musiqa san’ati rivojlanishiga oid hujjatlar, XVIII asrda Buxoroda shakllangan “Shashmaqom”ning dastlabki notaga solinishi, u bilan bog‘liq ilk tadqiqotlar, O‘zbekiston madhiyasi musiqasining yaratilish jarayoni aks etgan lavhalar ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz.
Izoh (0)