Bugun, 27-avgust kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Prezident devoni xodimlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda bir qator tashkiliy masalalar koʻrildi. Jumladan, yana bir bor majlisbozliklarga barham berish haqida gapirildi, deb yozadi “Kun.uz”.
Prezident majlislar vaqtini ham kamaytirish boʻyicha topshiriq bergan — majlislar vaqti 1,5 soatdan oshmasligi kerakligi belgilangan. Kunning noqulay paytlarida, tong saharlab yoki yarim kechada yigʻilishlar oʻtkazish qatʼiyan cheklanib, yigʻilishga bevosita aloqasi boʻlmagan korxonalar, idoralar va jamoat tashkilotlarining rahbar va xodimlari, fermer va tadbirkorlar umuman taklif etilmaydi.
Shuningdek, mansabdor shaxslar endi shanba kuni soat 17:00 gacha ishlab, yakshanba kuni ishga chiqmaydi.
Prezident davlat mansabdorlari yakshanba kunlarida dam olib, vaqtini oilasi bilan oʻtkazishi lozimligini aytib oʻtgan.
Bundan oldinroq yigʻilish davomida prezident devoni tuzilmasida jiddiy oʻzgarishlar roʻy bergani, Xayriddin Sultonov va Qahramon Quronboyev davlat maslahatchisi lavozimini tark etgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)