O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov FIFA prezidenti Janni Infantino bilan bir necha bor uchrashuv o‘tkazib, uchrashuv chog‘ida o‘zbek futbolida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot bergan hamda yangi dastur va loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Jumladan, kelishuvga ko‘ra Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun FIFA tomonidan yangi avtobus sovg‘a qilinishi haqida aytib o‘tgandi.
“Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun va’da qilgan yangi avtobus yurtimizga yetib keldi”, — deya xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati. Mercedes Travego M rusumidagi avtobus 46 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 483 ot kuchiga ega. “Barcha qulayliklarga ega, zamonaviy vositalar bilan jihozlangan”, — deyiladi MOQ axborotida.
Ma’lum bo‘lishicha, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘inlar davomida va uchrashuvlarga borish uchun shu paytgacha klublardan olingan avtobuslardan foydalanib kelgan. “Ushbu avtobus milliy ramzlarimiz va O‘FA logolari bilan bezatiladi hamda yig‘in va uchrashuvlar davomida milliy terma jamoamiz futbolchilari uchun xizmatga shay bo‘ladi”, — deyiladi MOQ xabarida.
Izoh (0)