Avstraliyaning Melburn shahrida yashovchi 16 yoshli maktab o‘quvchisi Apple kompaniyasining serverlarini buzib kirdi. Bunda u foydalanuvchilarning akkauntlariga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Ismi ma’lum qilinmayotgan o‘smir himoyalangan serverlardan 90 gigabaytli fayllarni ham yuklab olgan. Xaker o‘tgan yili qo‘lga olingan, Avstraliya politsiyasi uning uyida tintuv o‘tkazib, mobil telefon, qattiq disk va ikkita Apple noutbukini olgan. O‘smir mazkur qurilmalar yordamida buzishni amalga oshirgan.
Buzg‘unchini darhol aniqlashning iloji bo‘lmagan. Apple vakillari FQBga murojaat qilgan. Amerikalik huquqni muhofaza qiluvchilar esa o‘z navbatida avstraliyalik hamkasblaridan yordam so‘ragan.
Sudda o‘smir o‘z aybini to‘liq tan olgan va doimo Apple’da ishlashni orzu qilganini aytgan. Ishdagi murakkabliklar sababli sud qarorini qabul qilish keyingi oyga qoldirilgan.
Izoh (0)