AQSH prezidenti Donald Tramp Amerikaning sobiq rahbari Barak Obamani davlatga xiyonatda aybladi. U Obamaning aybini isbotlash uchun hujjatli dalillar borligini, shuningdek, mamlakatning boshqa sobiq rahbari Jo Bayden va 2016-yilgi saylovlarda mag‘lub bo‘lgan Hillari Klinton ham “to‘da a’zolari” bo‘lganini ta’kidlagan. Bu haqda Oq uy rahbari filippinlik hamkasbi kichik Ferdinand Markos bilan olib borgan muzokaralar chog‘ida ma’lum qilgan.

“Obama — to‘da yetakchisi, Barak Husayn Obama qo‘lga tushdi, uning imzolari hujjatlarda bor. Bayden ham shu yerda edi. Yana minglab hujjatlar kelib tushadi. Bu g‘oya Obamaniki edi, lekin u soxta Hillaridan ham kelib chiqqan. Biz ularni fosh qildik!”, dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.
Trampning ta’kidlashicha, uni ta’qib qilganlar uchun “javobgarlik vaqti yetib keldi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016-yildagi prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchragan Klinton uchun “Rossiya izi” haqidagi nazariya rad etilganidan so‘ng oqibatlar yuzaga kelishi mumkin edi.
“Biz Hillari Klintonni fosh qilganimizda, men “Keling, haddan oshib ketmaylik, u sobiq prezidentning rafiqasi-ku”, dedim. Men uni jazosiz qoldirdim”, dedi Oq uyning amaldagi rahbari.
“Ular menga nisbatan qilgan ishlaridan keyin, bu to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, baribir odamlarni ta’qib qilishni boshlash vaqti keldi”, dedi AQSH prezidenti.
“Obama aybdor, bu xiyonat edi. Ular saylovlarni o‘g‘irlashga urinishdi, hatto notinch mamlakatlar uchun ham tasavvur qilib bo‘lmaydigan ishlarni qilishdi. Buning oqibatlari jiddiy bo‘lishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Bundan avval AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama Kongressga 2016-yilgi Amerika saylovlariga Rossiyaning aralashuvi mavzusini bo‘rttirib ko‘rsatish bo‘yicha til biriktirish yuzasidan ko‘rsatma berish uchun chaqirilishi mumkinligi ma`lum qilingandi.
Bunda avval Tramp Obamaning tez orada qamoqqa olinishiga ishora qilib, sobiq prezident FQB xodimlari tomonidan hibsga olinayotgani tasvirlangan sun’iy yaratilgan videoni e’lon qilgandi.
Izoh (0)