Fransiyada parlament boshlang‘ich va o‘rta maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun qabul qildi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Bu taqiq Internetga ulanish imkoniga ega bo‘lgan barcha qurilmalar, shu jumladan, aqlli soatlarga ham taalluqlidir. Qonun 2018-yilning sentabridan e’tiboran kuchga kiradi.
Qonun loyihasining qabul qilinishiga “Demokratik harakat”, “Demokrat va mustaqillar ittifoqi”, shuningdek, hukumatni boshqarayotgan “Olg‘a, respublika” partiyalari ovoz berdi. Respublikachilar, kommunistlar va “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyalari vakillari esa aksincha loyihani tanqid qilgan. Maktablarda smartfonlarni taqiqlash amaldagi prezident Emmanuel Makronning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan edi.
Qonunga ko‘ra:
- 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning smartfonlar va shu kabi qurilmalardan darslarda ham, tanaffuslarda ham foydalanishi taqiqlanadi;
- o‘qituvchilar ham xuddi o‘quvchilar kabi qurilmalardan foydalanishi mumkin emas;
- darsdan tashqari mashg‘ulotlar, alohida holatlar va uyda ta’lim oluvchi bolalar uchun istisnolar bo‘lishi mumkin (buni maktab ma’muriyati hal qiladi);
- nogironligi bo‘lgan yoki imkoniyati cheklangan bolalarga smartfonlardan foydalanish taqiqlanmaydi.
Ma’lumot uchun
- Buyuk Britaniyada maktablar ma’muriyati smartfonlarni taqiqlash huquqiga ega. Hozircha bu vakolatdan mamlakatdagi maktablarning uchdan bir qismi foydalangan;
- Shvetsiyada aksariyat maktablar o‘quvchilariga smartfonlardan foydalanishni taqiqlagan.
Izoh (0)