Aktrisa Diana Yagofarova “The Mag” jurnaliga bergan intervyusida shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni oshkor qildi.
“Ochig‘ini aytsam, shaxsiy hayot borasida omadim chopgan. Bilasizmi, ‘Super kelinchak’ dagi rolim oilaviy hayotimda o‘ziga xos iz qoldirdi, filmdagi aksariyat hodisalarni hayotda ham boshimdan kechirdim”, — deydi aktrisa.
Diana turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani haqida shunday deydi:
“Biz Yangi yil bayramidan keyin, restoranda umumiy do‘stlarimiz davrasida tanishdik. Murod meni to‘rt kun bir tadbirda ko‘rgan va o‘shandayoq menga uylanishga qaror qilgan ekan. Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmas ekan. To‘rt kundan so‘ng men uning qarshisida turardim. Mana to‘qqiz yildirki, baxtli hayot kechirib, ikki nafar o‘g‘limizni tarbiyalayapmiz.
Uzoq yillardan beri birga yashayapmiz va har safar bir-birimizga munosabatga boshqacha yondoshamiz. Axir vaqt o‘tgan sari hammamiz o‘zgaramiz. Rivojlanyapmiz, yangi rollarni o‘zlashtiramiz, mas’uliyat ortadi. Oilamizda eng asosiysi — ishonch, hurmat va sadoqat”.
Aktrisa o‘g‘illarini qanday tarbiyalayotgani haqida gapirib, quyidagilarni so‘zlab berdi:
“Birinchi navbatda, biz bolalarni emas, o‘zimizni tarbiyalaymiz. Chunki ular bizning aksimiz. Shuning uchun ham o‘z ustimizda ishlash jarayoni to‘xtamaydi. Ota-ona sifatida biz farzandlarimizni faqat qo‘llab-quvvatlash va ulardagi ijodkorlikni rivojlantirishga harakat qilamiz. Farzandlarim san’at bilan shug‘ullanishni istasa, imkoniyat yaratamiz, yadro kimyosi bilan shug‘ullanish istagi paydo bo‘lsa uni ham qo‘llab-quvvatlaymiz”.
Izoh (0)