Turkiyada 11-iyuldan e’tiboran teatrlarni moliyalashtirish to‘xtatildi, barcha spektakllar va teatrlar doirasidagi har qanday ijodiy faoliyat bekor qilindi, artistlar bilan shartnomalar to‘xtatib qo‘yilgan. Bu haqda, Turkiya prezidentining tegishli farmoniga asoslanib, “Kommersant” xabar bermoqda.
Ushbu farmon bilan davlat dramatik teatrlarini moliyalashtiruvchi Turk davlat teatrlari direktorati (DT) hamda davlat musiqali teatrlari faoliyatini tartibga soluvchi Turkiya opera va balet teatrlari direktorati (DOB) faoliyati to‘xtatilgan. Taxminlarga ko‘ra, bu ikki tashkilot o‘rniga yaqin vaqt ichida bevosita prezident Erdo‘g‘on tomonidan nazorat qilinadigan yangi tuzilma tashkil etiladi.
DT Turkiyaning 19 shahridagi 52 sahna maydonchasining egasi edi, DOB esa Anqara, Istanbul, Izmir, Mersin, Antaliya va Samsundagi opera va balet kompaniyalariga egalik qilardi.
24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiya prezidenti lavozimiga qayta saylandi. 9-iyul kuni u qasamyod qildi. Lavozimga rasman kirishishi bilan, Erdo‘g‘on Turkiyaning parlament respublikadan prezidentlik davlatiga aylanish jarayonini yakunladi.
Izoh (0)