Ijtimoiy tarmoqlar va bir qator saytlarda Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyidagi “Chelakli ayol” surati shikastlangani haqidagi xabarlar tarqaldi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Xabarlarda muzeyda yong‘in signalizatsiyasining o‘z-o‘zidan ishlab ketgani oqibatida asarga suv sachragani aytilgan edi. Joriy yil 16-iyuliga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan ushbu holatga muzey ma’muriyati izoh berdi.
— “Chelakli ayol” kartinasi shikastlangani rost, — deydi muzey direktori Gulbahor Izentayeva. — Shikastlangan asar to‘liq qayta tiklanishi uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz. Xususan, Moskvadagi Pushkin nomidagi davlat tasviriy san’at muzeyidan restavratorlarni jalb qilishni rejalashtiryapmiz. Ayni paytda nima sababdan yong‘in signalizatsiyasi ishlab ketgani haqidagi savollar yuzasidan tegishli idoralar surishtiruv tadbirlarini olib bormoqda.
Bundan avval Nikolay Karaxanning “Tungi namoz” asariga ham shikast yetkazilgani muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ushbu kartina mahalliy mutaxassislar tomonidan restavratsiya qilinib, ko‘rgazmalar zaliga qaytarilgan.
Izoh (0)