Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 276 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 49 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 2018–2019-yillarda tumanda 1600 dan ortiq kafolatli ish o‘rinlari yaratiladi. Barcha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, yiliga 750 milliard so‘mlikdan ziyod mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Ermatov ma’lum qildi.
“Turon eko sement” korxonasida yiliga 600 ming tonna sement ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Mazkur loyihaga 130 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. Bu mablag‘larning 74 milliard so‘mi “Aloqabank” krediti hisobiga moliyalashtirilgan. Loyihaning dastlabki bosqichida 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
O‘zbekiston tumani aholisining bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qaroriga ko‘ra, tumandagi muhandislik-kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan, foydalanilmasdan bo‘sh turgan bino va inshootlar, shuningdek, yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazilib, keyinchalik yangi ish o‘rinlarini tashkil etish sharti bilan tadbirkorlik subyektlariga va salohiyatli investorlarga belgilangan tartibda beriladi.
Shuningdek, qarorda O‘zbekiston tumanida tajriba tarzida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sohasida davlat–xususiy sheriklikni joriy etish to‘g‘risida Uy–joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)