Hindiston Oliy sudi shuni ma’lum qildiki, hukumat Tojmahalni ta’mirlamasa, yodgorlik buzib tashlanadi. Bu haqda Hindustan Times gazetasiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Sudyalarning fikricha, yodgorlikka katta zarar yetgan. Tojmahal qurilishida ishlatilgan oq marmar 350 yil ichida ko‘p marta darz ketgan va uning katta qismini mog‘or qoplagan. Hukumat esa yodgorlikni asrash uchun hech qanday chora ko‘rmagan.
Oliy sudning Hindiston hukumatiga yo‘llagan maktubida vaziyatning 3 xil yechimi taklif qilingan: Tojmahalni yopish, buzish yoki qayta ta’mirlash.
Hukumat vaziyatga oydinlik kiritishga va’da bergan. Ma’lum qilinishicha, muammoning yechimi bilan Hindiston texnika universiteti shug‘ullanadi. Universitet yaqin 4 oy ichida chora-tadbirlar rejasini taqdim qiladi.
Tojmahal – Agra shahrida joylashgan noyob yodgorlik. U 1653-yili Boburiylar saltanati hukmdori Shohjahon buyrug‘iga asosan qurilgan. 1983-yili Toj-Mahal YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, har yili yodgorlikka 200 mingga yaqin kishi tashrif buyuradi.
2017-yilda hindistonliklar Tojmahalni diqqatga sazovor sayyohlik joylari ro‘yxatidan chiqarib tashlagani haqida xabar qilingan.
Izoh (0)