Oxirgi vaqtda ayollar bilan bog‘liq noxush va ayanchli hodisalar jamoatchilikning diqqat markazida bo‘ldi. Avval Toshkent shahri bekatlarida tunab yurgan mardikor xotin, so‘ng Andijon va Samarqandda bolalari va o‘zining joniga qasd qilgan ayollar. Sabr kosasini to‘ldirgan voqea esa Kattaqo‘rg‘onda ro‘y berdi: u yerda bir emas, ikki ayol IIB xodimlari tomonidan yechintirildi, biri hatto kaltaklandi.

Foto: “Daryo”

Shundan beri ayollarning tahqirlanishi bilan bog‘liq masala bosh mavzuga aylandi. Tanzila Norboyeva boshchilik qilayotgan qo‘mita, garchi uning o‘zi ijtimoiy tarmoqda ikki bor chiqish qilgan, jabrdiyda ayolning uyiga shaxsan borib kelgan bo‘lsa ham, malomatlar ostida qoldi. Ular bilan tanishish uchun Bosh vazir o‘rinbosarining Facebook’dagi sahifasida joylashtirilgan Kattaqo‘rg‘on voqeasiga munosabatiga izohlarni o‘qish kifoya.

Toshkentdagi bekatda charchab uxlab qolgan namanganlik ayol uyiga olib kelindi, turmush o‘rtog‘i bilan yarashtirildi, ish bilan ta’minlandi. Kattaqo‘rg‘onlik ayolga psixolog, advokat biriktirildi, do‘kon qurib beriladigan bo‘ldi. Biroq, Bosh vazir o‘rinbosari har bir jabrdiyda ayol bilan uchrashishga imkon topadimi? Toshkentda mardikorlik qilayotgan ayolni olib keldik, Moskva, Piter, Olmaotada mehnat muhojiri bo‘lib yurgan xotin-qizlarni kim olib keladi? Dehli, Dubay, Bangkok, Istanbulda tanasini sotib kun ko‘rayotganlarni-chi?

Yuqorida aytganimdek, yuzaga kelgan muammolarda xotin-qizlar qo‘mitalarini aybdor sanagan, ularning faoliyatidan qoniqish bildirmaganlar kam emas.

Aslida bu qo‘mitalar va ularning mutasaddilarida bugungi kunda nechog‘li vakolat, imkoniyat va eng asosiysi, vaqtga ega? Tumanlardagi xotin-qizlarni kattasi hozir qaysidir hududda g‘alla o‘rimiga bosh-qosh bo‘layotgan bo‘lsa ajab emas. Undan oldin esa pilla uchun yelib-yugurgan. Hash-pash deguncha paxta yig‘im-terimi boshlanadi. U qachon ayollar bilan shug‘ullanadi?

Agar uning hududida ayollar jinoyatchiligi yoki o‘z joniga qasdlar soni ko‘paysa boshi malomatdan chiqmaydi, lavozimidan ham ketishi aniq. Hech kim “seni pilla, g‘alla, g‘o‘za yoki soliq tushumini ko‘paytirishga yo‘llagan, ishdan qo‘ygan asli biz bo‘lamiz”, deb ayab o‘tirmaydi. Eng taajjublisi, prokuratura va ichki ishlardagi mutasaddilar ham bunday holatlar bo‘yicha ularni so‘roq-savol qiladi. Xuddi bunga birinchi galda ular, katta armiyaga ega va yuqoridagi muammolarning oldini olish vazifasi, burchi sanalgan huquqni muhofaza qilish idoralari emas, bir hovuch xodimi talash bo‘lgan xotin-qizlar qo‘mitasi aybdordek.

Qolaversa, ayolni tahqirlash deganimiz faqat Kattaqo‘rg‘ondagi sharmandagarchilikdan iboratmi?

Dong‘i chiqqan, mahsulotlari o‘zimizda ham, chetda ham falon pulga sotilayotgan tikuvchilik korxonalari 8-10 soatlab dastgohi yonidan jilmaydigan ayollar uchun 500-600 ming so‘m maosh berishi tahqirlash emasmi?

Xotin-qizlar qo‘mitasi ham eng ko‘p muammoga duch kelayotgan holat shundan iborat. Ularning har birida xorijga yoki poytaxtga ishlash uchun yo‘l olgan ayollarning ro‘yxati mavjud. Biroq ularga uyga qaytish haqida og‘iz solinganda beradigan birinchi savoli shu bo‘ladi: qiynalib, oilamdan uzoqda bo‘lsa ham shuncha pul topyapman, siz menga maoshi aqalli shunga yaqin ish topib bera olasizmi?

Band bo‘lmagan ayollarga ko‘pincha jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan ish berilyapti, biroq ularning ham ma’lum muddati bor va beriladigan ish haqi ham yuqori emas.

Bir do‘stimiz qishloqdan ekin-tikin uchun yer oldi. Aytishicha, oldiga ayollar kelib, o‘toq ishlarida yordamini taklif qilgan va buning uchun 10 ming so‘mdan xizmat haqi so‘ragan. “Ertadan kechgacha dalada qimirlagani uchun shuncha pul. O‘zim uyalib ketdim, o‘ylab qarasam, bir pachka sigaretimning puli ekan. Afsuski, o‘sha joy uchun odatiy ish haqi ekan bu. Men ko‘p berganim bilan holat o‘zgarib qolmas ekan”, deydi u.

Ko‘ngli boshqasini tusab qolganda ko‘chaga haydalgan va bir etak bolasi bilan ota uyiga qaytib kelib, aliment uchun sobiq eriga yalinish ayol uchun tahqirlanish emasmi? Qachon ajralishni istagan er ayoli va bolalarining uy-joy, moddiy ta’minotini zimmaga olishi qat’iy qoida, majburiyatga aylanadi?

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bir yil ichida yarim milliondan ortiq yosh xorijga ish izlab ketgan. Ular orasida ishlash davomida o‘sha yerda uylanib, qolib ketayotgan, turmush qurganlari orasida esa, oxirgi paytda urf bo‘layotganidek, telefon orqali taloq berayotganlari ham kam emas. Ayrimlari yillab qorasini ko‘rsatmaydi, na tirigi, na o‘ligi ma’lum. Bu yoqda qolgan ayol boshini qayerga urishini, farzandlarini qanday boqishni va eng asosiysi, o‘zini turmushli xotin deb hisoblashi yoki yo‘qligini ham bilmaydi.

Ichkilikbozlikka ruju qo‘ygan yoki xotinni “tarbiyalab turish”ni odatiy hol sanagan eri tomonidan bolasining ko‘zi oldida kaltaklanadigan ayol tahqirlangan sanaladimi? Qachon bu zo‘ravonga nasihatbozlik bilan emas, qonun kuchi bilan chora ko‘ramiz? Bugun xotiniga musht o‘qtalib, ko‘zini ko‘kartirayotgan va suvdan quruq chiqib ketayotgan er ertaga unga pichoq, bolta o‘qtalyapti axir!

“Daryo” sahifalarida Ichki ishlar vazirligining shunday voqealar aks etgan xabarlarini berganimiz uchun ko‘pincha tanqid qilishadi. “Bo‘yoqlarni quyuqlashtirib yuboryapsizlar, o‘quvchini vahimaga solyapsizlar” qabilida. Afsuski, hayotning shafqatsiz realligi shunday. Sayt sahifalarida e’lon qilinayotgani ichki ishlar idoralari “svodka”lariga kelib tushgani, o‘tmagani qancha? Biz yoritmaganimiz bilan bu jinoyatlar sodir etilmay qoladimi?

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasida ish ko‘lami shunchalik kattaki, ularga to‘zim tilashdan boshqa iloj yo‘q ba’zida. Ulardan biridagi bir oylik statistika: 112 ta murojaat kelib tushgan, bundan 38 tasi oilaviy nizo, 71 tasi ajrim masalasida. Muammoning ko‘lamini his etyapsizmi? Shu ma’noda joylarda “Oila” ilmiy-tadqiqot markazlarining hududiy bo‘limlari tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi.

Prezident qarori bilan zo‘rlik ishlatilganidan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha Respublika markazi tashkil etilmoqda. Bunday markazlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, keyinchalik barcha tuman va shahar xotin-qizlar qo‘mitalari qoshida ham tashkil etiladi. Shuningdek, “Maishiy zo‘ravonlikning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.

Yoshlar o‘rtasidagi muammolarga barham berish maqsadida budjeti salkam 800 milliard so‘m bo‘lgan jamg‘arma tuzildi, uning shahar va tumanlarda ham filiallari tashkil etiladi. Ular imtiyozli kreditlar berishi, banklarga kafillik o‘tishi, turli loyihalarni moliyalashtiri rejalashtirilgan.

Bugun shunday jamg‘arma birinchi galda xotin-qizlar uchun zarurga o‘xshaydi (u hozir respublika darajasida bor va jumladan, kamxarj, nogironligi bo‘lgan ayollarni uy-joy bilan ta’minlash bilan shug‘ullanmoqda). Ular ham har bir shahar-tumanda bo‘lishi va qo‘mita raisining o‘rinbosari — jamg‘arma ijrochi direktori tomonidan boshqarilishi maqsadga muvofiq. Shunda qo‘mita joylarda real kuch, vakolat va nafaqat ma’naviy, balki moddiy yordam berish imkoniga ham ega zabardast tizimga aylanadi.

Eng asosiysi, xotin-qizlar qo‘mitalarini qog‘ozda emas, amalda tinch qo‘yaylik. Ular o‘ziga yuklatilgan birinchi galdagi vazifa —16 milliondan oshiq o‘zbekistonlik xotin-qizlar manfaatini himoya qilishni uddalasa ham katta gap.